Fransiya AQSh va Avstraliyadagi elchilarini maslahatlashuv uchun chaqirib olganini ma'lum qildi. Fransiya TIV bu favqulodda qadam bo‘lganini tan olgan, ammo Parij vaziyat jiddiyligidan kelib chiqqan holda bu qarorni oqilona deb hisoblaydi. Fransiya Avstraliya atomli suvosti kemalari qurish uchun texnologiyaga ega bo‘lishidan ham xavotirda.

AQSh prezidenti Jo Bayden, britaniyaliklar bosh vaziri Boris Jonson hamda uning avstraliyalik hamkasbi Skott Morrison chorshanba kuni AUKUS nomli (ishtirokchi davlatlarning bosh harflari) yangi mudofaa alyansi tuzilganini e'lon qilishdi, ko‘plab kuzatuvchilar buni tarixiy voqea sifatida qayd etishdi. Bu Ikkinchi Jahon urushidan keyin bu davlatlar o‘rtasidagi tuzilgan eng yirik harbiy hamkorlik shartnomasidir.

Shartnoma doirasida mamlakatlar ilg‘or texnologiyalarni o‘zaro almashadi, shuningdek, ular kiberxavfsizlik va sun'iy intellekt kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirish niyatida.

Alyans ishtirokchilari Xitoyni to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga olmayapti, ammo bu kelishuv Samoviy saltanatning Tinch okeanidagi harbiy qudrati o‘sishiga qarshi turish uchun tuzilgani yaqqol ko‘rinib turibdi.

Politico shu yo‘l bilan G‘arb ittifoqchilari Xitoyning harbiy va texnologik sohada kuchayishiga qarshi harakat qilmoqchi ekanini yozdi. ABC telekanali yangi hamkorlik Pekinning, ayniqsa, bahsli Janubiy Xitoy dengizidagi mintaqaviy ta'siriga qarshi turishi kerakligiga e'tibor qaratdi.

Avstraliya fransuzlar konserni Naval Group bilan 90 milliard Avstraliya dollari (66 milliard AQSh dollari)ga 12ta suvosti kemasi yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnomani bekor qildi, endilikda ular kemalarni o‘zlari ishlab chiqarmoqchi.

AUKUS doirasidagi birinchi qadam Avstraliyaga atomli submarinalar qurish texnologiyasini yetkazib berish bo‘ladi, lekin bu kemalar yadro qurollariga ega bo‘lmaydi.

Shu tariqa, Avstraliya atomli suvosti kemalari bilan qurollangan dunyodagi yettinchi davlatga aylanadi. Strategik tadqiqotlar xalqaro instituti ma'lumotiga ko‘ra, AQShda bunday kemalardan 68ta bor, Rossiyada 29, Xitoyda 12, Britaniyada 11, Fransiyada 8, Hindistonda bitta.

«Sovuq urush o‘ylari»

Xitoy TIV matbuot kotibi Chjao Litszyan AUKUS ittifoqi tuzilishini «sovuq urush haqida o‘ylash»ga va «mintaqadagi xavfsizlikka tahdid» soluvchi «haddan tashqari mas'uliyatsizlik» va «kalta o‘ylangan» qadam deb baholadi.