Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yakkabog‘dagi maktab mutasaddilariga intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atildi, o‘qituvchilariga hayfsan berildi
Bundan bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi maktabda o‘quvchilar parta bo‘lmagani uchun polda o‘tirgan holda dars o‘tgani haqida video tarqaldi. Holat bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borgan viloyat prokuraturasi uning natijalarini ma'lum qildi.
Viloyat prokuraturasining ma'lum qilishicha, Yakkabog‘ tumani, «Qayrag‘och» MFYda joylashgan 39-sonli maktab binosi 420 o‘quvchi o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, u 1974 yilda qurilgan. Maktab binosini ta'mirlash uchun 2021 yilda 3 milliard 102 million 400 ming so‘m ajratilgan. Qurilish-ta'mirlash ishlari 2021 yil 10 sentabr kuni yakunlangan.
Xalq ta'limi vazirligi tomonidan maktab binosiga qurilish ishlari yakunida 27 ta sinfxona uchun 405 ta parta, direktor, uning o‘rinbosari xonalariga 1 to‘plamdan hamda o‘qituvchilar xonasiga 2 to‘plamdan zaruriy jihozlar yetkazib berilishi belgilangan. Ammo qurilish ishlari yakuni bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilayotgani sababli, 2021 yil 9 sentyabrgacha jihozlar yetkazib berilmagan. Shu sababli maktab ma'muriyati tomonidan eski jihozlardan foydalanilib, o‘quv yili boshlangan. O‘rganish davomida maktabga barcha zaruriy jihozlar yetkazib berilishi ta'minlangan.
Qayd etilishicha, o‘qituvchilar N.S. va O.S. bilan maktab direktori o‘rtasida dars taqsimoti masalasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Shundan so‘ng o‘quv yili boshlanganda maktabda jihozlangan xonalarda dars o‘tish imkoniyati bo‘laturib, maktab ma'muriyatining tashkiliy masalalardagi kamchiliklarini ijtimoiy tarmoqlarda bo‘rttirib ko‘rsatish maqsadida 5-«a» sinf o‘quvchilariga bo‘sh xonada dars o‘tilgan.
Ta'kidlanishicha, o‘qituvchilar N.S. va O.S. ta'lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining sha'ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘yiga salbiy ta'sir ko‘rsatishga uringani uchun ularga maktab pedagoglari va kasaba uyushma a'zolarining qo‘shma yig‘ilishi qarori bilan hayfsan intizomiy jazosi berilgan.
Shuningdek, tekshiruv natijasi bo‘yicha maktabning yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rishda va o‘quv jarayonini tashkil etishda mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan maktab direktori Sh.Q., o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari A.X. va xo‘jalik mudiri J.J.ga nisbatan intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, Yakkabog‘dagi 39-maktabdagi holat bo‘yicha xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov munosabat bildirgan va mazkur maktabda pedagoglar va direktor o‘rtasida kelishmovchilik borligini ma'lum qilgandi.
Mavzuga oid
22:01 / 13.06.2026
Qashqadaryoda qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olish holatlari fosh etildi
15:20 / 13.06.2026
Eski sandiqdan topilgan britancha surat: Dulsi xonim izlagan Boqijon Akramov Buxoro va Qashqadaryodan topildi
19:37 / 04.06.2026
Qashqadaryolik eshak go‘shti savdogari: u uch oyda ikki bor sudlandi
08:29 / 26.05.2026