
Merning ma'lum qilishicha, Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan «Tolibon» harakati «ayollarning ishlashini bir muddatga to‘xtatib turish lozim» degan qarorga kelgan.
No‘'moniyning so‘zlariga ko‘ra, Kobuldagi munitsipial idoralar xodimlari bo‘lgan qariyb uch ming kishidan uchdan biri ayollardir - ayollar ayrim holatlarda ishlashni davom ettirishi mumkin, ammo bunday holatlar ko‘p bo‘lmasligi tayin.
«Masalan, bu shahar ayollar hojatxonalarida ishlovchi ayollarga taalluqli, bunday joylarga erkaklar kirishi taqiqlangan. Ammo erkaklar bilan almashtirish mumkin bo‘lgan mutaxassislikdagi ayollardan vaziyat izga tushguncha uyda qolishni so‘radik. Ularga ish haqi to‘lanishi davom etadi», deya izohlagan mer.
No‘'moniy toliblarning 1990-yillardagi ma'muriyati davrida ham Kobul shahri meri bo‘lgan, shu tufayli u BMT Xavfsizlik kengashining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Avvalroq toliblar bolalar va erkak o‘qituvchilar maktablarga qaytishiga ruxsat bergandi, ammo qizlar mashg‘ulotlardan chetlatilgan. Toliblar bu vaqtinchalik chora ekanini aytishgan, ammo bu qaror qachon bekor bo‘lishi noma'lum. Shu bilan birga, Afg‘onistonning yangi hukumati vakillari hozirda bolalar va qizlar alohida o‘qitilishi, shuningdek, o‘qituvchilarni taqsimlash jarayoni olib borilayotganini bildirgan. Ungacha esa «Tolibon» ayollar universitetlarda o‘qishi mumkinligi, ammo ular erkaklardan alohida joyda o‘tirishi lozimligini ma'lum qilgandi.
Toliblar o‘zgarganmi?
1990-yillarda, toliblar mamlakatni ilk bor egallashganida, ayollarga o‘qish va ishlash butkul taqiqlangandi. Harakat vakillari bir necha marta jahon hamjamiyatiga ularning siyosati o‘zgarganini aytib kelgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik «Tolibon» shunday tartibni qaytarishi mumkinligidan tashvishlanmoqda.

Toliblar ayollar huquqi «islom qonunlari doirasida» hurmat qilinishini bildirgan, ammo bunda aynan nima nazarda tutilganiga oydinlik kiritilmagan.















