O‘zbekiston | 07:48 / 24.09.2021
2984
3 daqiqa o‘qiladi

Beruniyda ikki yildan beri ilma-teshikligicha qolayotgan abgor ko‘prik holatiga izoh berildi

Kecha Beruniy tumanidagi abgor ko‘prik ikki yildan beri ilma-teshikligicha qolayotgani, xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘lidagi ko‘prikda harakatlanish anchadan beri cheklangani haqida xabar bergandik.

Holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi Kun.uz’ga izoh berdi.

Qayd etilishicha, mazkur ko‘prik xalqaro ahamiyatga ega A-380 (G‘uzor-Buxoro-Nukus -Beyneo‘) avtomobil yo‘lining 659, 4 km. da (Beruniy tumani «Abay» OFY hududida) joylashgan. Uning uzunligi 46,5 metr eni 12,1 metrni tashkil qiladi. U 1974 yili qurilgan temir-beton ko‘prik hisoblanadi.

2019 yil sentabr oyida o‘tkazilgan rejali ko‘rikka asosan ko‘prik yaroqsiz holda ekanligi aniqlangan va harakat xavfsizligini ta'minlash maqsadida tegishli yo‘l belgilari o‘rnatilib, harakatlanish to‘xtatilgan. Avtomobillar qatnovini ta'minlash maqsadida aylanma yo‘l solingan. Shu jumladan, tekshiruv vaqtida ko‘prikning qayta qurishga muhtoj ekanligi aniqlangan.

Mazkur ko‘prikda avtomobil harakatini tiklash, qayta qurish ishlarini olib borish uchun investitsiya dasturiga kiritish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga yozma turda bir necha marta chiqish qilingan.

Vazirlar Kengashining 2021 yil 11 avgust kungi majlis bayonnomasi bilan Prezidentning 2007 yil 19 fevraldagi PQ-585-son Qaroriga asosan, ko‘prikni tabiiy ofatlardan bartaraf etish bo‘yicha dasturga kiritish, qayta qurish, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha qaror qabul qilingan.

Qo‘shimcha qilinishicha, «Yo‘l loyiha-byurosi» MChJ Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, davlat ekspertizasidan o‘tkazilgan.

Bugungi kunda manzilli-ro‘yxati tayyorlanib, mablag‘ ajratish masalasida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va Moliya Vazirligiga taqdim etilgan. Tegishli mablag‘ ajratilishi bilan qurilish-ta'mirlash ishlari boshlanishini ma'lum qilamiz, deyiladi rasmiy izohda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Amudaryo ustidagi yangi ko‘prik qurilishida havo kompressori otilib ketgandi.

Mavzuga oid