14:56 / 27.09.2021
1761

Samarqandda Nexia ikki nafar piyodani urib yubordi. Ulardan biri vafot etdi

Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida Nexia haydovchisi ikki nafar piyodani urib yuborgan. Oqibatda ulardan biri vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 21 sentabr kuni soat 21:30larda Qo‘shrabot tumani «Qo‘shtamg‘ali» mahalla fuqarolar yig‘inidan o‘tgan yo‘lda odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

1975 yilda tug‘ilgan haydovchi o‘ziga tegishli bo‘lgan Nexia mashinasi bilan harakatlanib kelayotib yo‘l chetidan ketayotgan ikki nafar piyodani urib yuborgan. Oqibatda, piyodalar Qo‘shrabot tumani «Qo‘shtamg‘ali» MFYda yashovchi 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro voqea joyida vafot etgan. Shu mahallada yashovchi 1988 yilda tug‘ilgan ikkinchi piyoda tan jarohatlari olib shifoxonaga joylashtirilgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, Nexia haydovchisining ko‘zini ro‘paradan kelayotgan mashinaning chiroqlari qamashtirgan. Bundan tashqari, u belgilangan tezlik me'yorlarini buzgan holda harakatlangan. Shu sababli u mashina boshqaruvini yo‘qotgan va yo‘l chetiga chiqib ketib, piyodalarni urib yuborgan. Shuningdek, piyodalar ham yo‘lning qatnov qismiga tutash joydan harakatlanayotgan bo‘lgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Qo‘shrabot tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan surishtiruv olib borilmoqda.

Top