Seshanba kuni boshlangan to‘qnashuvlarda kamida besh nafar mahbusning boshi tanasidan judo etilgan. Yana bir necha kishi o‘qotar quroldan halok bo‘lgan.
Litoral qamoqxonasida Meksika narkokartellari bilan aloqada bo‘lgan Ekvador bandasi a'zolari saqlanadi. Bu mamlakatdagi eng xavfli qamoqxona sifatida ma'lum.
Politsiya boshlig‘i Fausto Buenanoning tasdiqlashicha, mahbuslarda granatalar ham bo‘lgan. Qamoqxonada nazorat o‘rnatish uchun 400 nafar politsiyachi hududga olib kirilgan.

Mahalliy nashrlar xabariga ko‘ra, ushbu tartibsizliklar ayni vaqtda Ekvadorda harakatlanayotgan meksikalik narkofurushlarning yirik guruhi tomonidan qo‘zg‘algan.
Ekvador qamoqxonalar xizmati direktori Bolivar Garson mahalliy radioga bergan intervyusida vaziyatni "qo‘rqinchli" deb baholagan.
"Kecha mahalliy vaqt bilan soat 14:00da politsiya nazoratni qo‘lga oldi, ammo kechqurun yana otishmalar va portlashlar boshlanib ketdi. Bugun tongda biz yana vaziyatni to‘liq nazorat qila boshladik. Biz ziddiyat ro‘y bergan joylarni tekshirishni boshladik va yangidan yangi jasadlarga duch keldik", degan u.

Garsonning so‘zlariga ko‘ra, seshanbadan chorshanbaga o‘tar kechasi otishmalar boshlangan va politsiya tartib o‘rnatib, qamoqxona qanotlarini tekshirib chiqqanida ko‘plab jasadlar aniqlangan va jami qurbonlar soni 116taga yetgan.
Otishma portlashlar davom etayotgani haqidagi xabarlardan so‘ng payshanba kuni tongida to‘rt yuz nafar politsiyachi yana qamoqxonaga yuborilgan.
Litoral qamoqxonasidagi isyon - turmadagi nazorat uchun o‘zaro kurashuvchi guruhlar ishtirokidagi navbatdagi hodisa bo‘ldi. Fevral oyida ham shu kabi to‘qnashuvlar oqibatida 79 nafar mahbus halok bo‘lgandi.
Qamoqxonada nimalar bo‘lib o‘tdi?
Buenanoning so‘zlariga ko‘ra, qamoqxona qanotlaridan biridagi mahbuslar yoriq orqali boshqa qanotga o‘tishgan va raqib guruh vakillariga hujum qilishgan.
Qurbonlar haqidagi ma'lumotlar juda noaniq, ayrim holatlarda jasadlar maydalab tashlangan yoki yoqib yuborilgan, halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlash uchun bir necha kun ketishi mumkin.
















