O‘zbekiston | 11:43 / 02.10.2021
17872
2 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliqda harbiylar xavfli hujumga uchragan fuqaroning hayotini saqlab qoldi

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida harbiylar xavfli hujumga uchragan fuqaroning hayotini saqlab qoldi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Kun.uz'ga xabar berdi.

Joriy yil 1 oktabr kuni soat 16:50lar atrofida Mudofaa vazirligining Bo‘stonliq tumani Chorbog‘ qo‘rg‘onida joylashgan harbiy qismning bir guruh harbiy xizmatchilari o‘z xizmat vazifalarini bajarish uchun ketayotib, Toshkent - Sijjak yo‘nalishidagi avtomobil yo‘li yoqasida ikki nafar fuqaro o‘zaro janjallashayotganiga guvoh bo‘lgan.

Harbiy xizmatchilar mashinani to‘xtatib, ularga yaqinlashganida fuqarolardan biri jarohatlangan, ikkinchisining qo‘lida o‘tkir tig‘li pichoq borligini ko‘rishgan. Ular har ikkala fuqaroni bir-biridan uzoqlashtirib, qo‘lga olgan va jarohatlangan fuqaroni Chorbog‘ tez tibbiy yordam bo‘limiga, ikkinchisini esa ichki ishlar bo‘limiga olib borgan.

Dastlabki so‘rov natijasida olingan ma'lumotlarga ko‘ra, 1995 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan fuqaro S.M. 1989 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan A.P.ga tegishli bo‘lgan avtomobilda yo‘lovchi sifatida Chorbog‘ qo‘rg‘onida joylashgan «Bochka» nomli oshxonaga olib borib qo‘yishi uchun 200 ming so‘m pul evaziga kelishgan. Manzilga yaqin kelganda fuqaro S.M. Toshkent - Sijjak yo‘lining xilvat joyida mashinani to‘xtatishni va shu yerga yana bir hamrohi kelishilgan pulni olib kelib berishini aytgan. Bir oz vaqt o‘tgach, o‘zaro suhbatlashish jarayonida mashinaning orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan S.M. fuqaro A.P.ga to‘satdan pichoq bilan hujum qilib, uning gavdasining orqa qismi va bel sohasiga tan jarohati yetkazgan. A.P. o‘zini himoya qilish maqsadida mashinadan tushib qochayotgan vaqtida harbiy xizmatchilar kelib qolgan.

Bildirilishicha, holat yuzasidan ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan dastlabki surishtiruv-tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid