O‘zbekiston | 11:11 / 04.10.2021
2945
2 daqiqa o‘qiladi

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik O‘zbekistonga saraton kasalliklarini davolashda yordam beradi

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) saratonni davolash harakat dasturi (imPACT mission) doirasida O‘zbekistonga kompleks missiya yuborishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi «Dunyo».

imPACT vakolatxonalari AEXAga a'zo davlatlarga saratonni davolash sohasida o‘z milliy salohiyatini baholash va bu sohadagi mavjud muammolarga samarali javob berish uchun ehtiyojlarni va ustuvor chora-tadbirlarni aniqlashga ko‘maklashadi.

Asosiy missiyaga tayyorgarlik ko‘rish uchun AEXA mutaxassislari 5-8 oktabr kunlari O‘zbekistonda bo‘ladi. Tashrif doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligining turli bo‘linmalarida muzokaralar o‘tkaziladi. JSST vakolatxonasi bilan bo‘lajak ekspert missiyasi masalalari muhokama qilinadi. Islom taraqqiyot banki loyihasini amalga oshirish guruhi, shuningdek, SSVning Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent viloyati va Namangan filiallari faoliyati bilan tanishish ham ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi sentabr oyi oxirida Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik bosh konferensiyasida ishtiroki doirasida AEXA bosh direktori Rafael Grossi bilan uchrashgan. 

Uchrashuvda O‘zbekiston onkologik kasalliklarni davolash dasturini ishlab chiqish bo‘yicha muvaffaqiyatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygani, uning doirasida AEXA ko‘magida Toshkent, Buxoro va Namangan shaharlaridagi klinikalarga zamonaviy uskunalar yetkazib berilgani e'tirof etildi. 

Rafael Grossi Agentlik Islom taraqqiyot banki mablag‘larini respublikaga jalb etishni rejalashtirayotgani, bu boradagi hamkorlikni kengaytirish zarurligini qayd etgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid