Rossiyada o‘lim holatlari bo‘yicha antirekord qayd etildi - mamlakatda bir kunda koronavirusga chalingan bemorlarning 890 nafari vafot etdi. Londonda marafon o‘tkazildi - o‘tgan yili pandemiya tufayli bu musobaqa ham «virtual rejim»da o‘tkazilgandi - unda koronavirusga test topshirgan 40 mingdan ortiq chopuvchi ishtirok etdi. Avstraliya va Yangi Zelandiyada yangi holatlar o‘sdi. BBC dunyoda Covid-19 bilan bog‘liq so‘nggi yangiliklarni keltirdi.

Rossiyada o‘lim holatlari antirekordi
Rossiyada so‘nggi bir kunda 890 kishi koronavirus tufayli vafot etgan - bu pandemiya boshidan buyon eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Mamlakatda 2 oktabr kuni jami 25 769 kishida koronavirus aniqlangan - bu bir kun oldingiga qaraganda 550taga ko‘proq.

Operativ shtab ma'lumotlari Rossiya statistika muassasalari ma'lumotlaridan farq qiladi. Rosstat o‘z hisobotlarida nisbatan yuqori o‘lim holatlarini qayd etadi. Rosstatning avgust oyi oxirida berilgan so‘nggi ma'lumotlaridan Rossiyada 2021 yilning iyul oyining o‘zida 50 mingdan ortiq kishi koronavirus qurboniga aylanganini ko‘rish mumkin. Operativ shtab ma'lumotiga ko‘ra esa, pandemiya boshidan buyon Rossiyada 209 918 kishi ushbu kasallikdan o‘lim topgani qayd etilgan.

AQShda 2 oktabr kuni koronavirus qurbonlarining jami soni 700 mingdan oshdi. Qo‘shma Shtatlarda bir kunda 120 mingdan oshiq yangi holat qayd etilib, koronavirus tashxisi qo‘yilgan bemorlarning 2 457 nafari olamdan o‘tgani ro‘yxatga olingan.

London va Pekin marafonlari ko‘chalarga qaytmoqda

Britaniya poytaxtida yana London marafoni o‘tkazilmoqda, o‘tgan yili pandemiya tufayli poygalar virtual rejimga o‘tkazilgandi. Bu yili marafonda 40 mingdan ortiq chopqir qatnashadi. Barcha ishtirokchilar koronavirusni aniqlash uchun test topshirishgan. Tashkilotchilar kasallik tarqalishi xavfini yanada kamaytirish uchun sportchilar alohida guruhlarga bo‘lingan holda startga chiqishi imkoniyatini ko‘rib chiqishmoqda.

Marafon ishtirokchilari Londondagi Blekhit tumanida startga chiqishadi, finish - Bukingem saroyida.

Yana 40 mingga yaqin kishi marafonda masofadan turib ishtirok etadi: ular marafon masofasida maxsus ilovadan foydalangan holda o‘z marshruti bo‘ylab harakatlanadi.