Gruziyadagi hukmron partiya «Gruziya orzusi» mahalliy saylovlarda ovozlarning qariyb yarmini qo‘lga kiritdi, ammo muxolifat mamlakatdagi asosiy shaharlar merligi uchun o‘tkaziladigan ikkinchi turda ularga jiddiy raqobat ko‘rsatmoqchi. Sobiq prezident Mixail Saakashvilining kutilmagan tashrifi va hibsga olingani izsiz ketmadi va muxolifatning bir qismini ilhomlantirdi, ammo bu g‘alaba uchun yetarli bo‘lmadi.

Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, shanba kuni o‘tkazilgan munitsipal saylovlarda Gruziyadagi hukmron partiya hisoblanmish «Gruziya orzusi» qariyb 47 foiz ovoz to‘plagan.

Ammo o‘zini o‘zi boshqaruvchi shaharlarning birortasida (munitsipalitetlar) birinchi turda partiyaning merlik uchun nomzodlari g‘alabaga erisha olmadi va muxolifatchilar buni yutuq sifatida hisoblashmoqda.

Gruziyaliklar saylovlarda 64 munitsipalitet, shu jumladan, beshta o‘zini o‘zi boshqaruvchi shaharlarda merlar va sakrebulo (shahar kengashi) deputatlarini tanlashdi.

Muxolifatdagilar bu saylovlarni muddatidan oldin o‘tkazilgan referendum deb atadi va bu «Gruziya orzusi»ning o‘n yillik boshqaruviga barham berishi kerakligini aytishdi. Muxolifatning bunday kutilmasi shu yil bahorida YeI vositachiligida Gruziyadagi siyosiy kuchlar o‘rtasida tuzilgan kelishuvning bir bandi bilan bog‘liq.

Kelishuvga ko‘ra, agar hukmron partiya mahalliy saylovlarda 43 foizdan kamroq ovoz to‘plasa, keyingi yilda parlament uchun muddatidan oldingi saylovlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgandi.

Bu kelishuvni imzolagan ammo keyinroq undan chiqqan hukmron partiyadagilar esa 2 oktabr kungi saylovlar natijalariga ko‘ra muddatidan oldingi parlament saylovlari o‘tkazilishini istisno qilishgandi.

Shunga qaramay, tahlilchilar 43 foizlik chegara «Gruziya orzusi» uchun jiddiy sinov bo‘lishini aytishgan, ayniqsa o‘tgan yilgi parlament saylovlari natijalari muxolifat tomonidan tan olinmaganidan keyin.

Saylov arafasida voqealar qizg‘in tus oldi, mamlakatni 8 yil muqaddam tark etgan va sirtdan jazoga hukm qilingan sobiq prezident Mixail Saakashvili kutilmaganda Gruziyaga qaytdi va o‘z tarafdorlarini 3 oktabr kuni poytaxt tomon harakatlanib, «referendum natijalarini himoya qilish»ga chaqirdi.

Muxolifatning partiya ro‘yxati bo‘yicha ovoz berishdagi natijalari kutilgandek bo‘lmadi. MSKning dastlabki ma'lumotlariga ko‘ra, hukmron partiya proporsional ovoz berishda 47 foiz ovoz to‘plagan va barcha raqiblarni ortda qoldirgan. Mixail Saakashvili tomonidan asos solingan, ayni vaqtda eng yirik muxolif partiya bo‘lgan «Yagona milliy harakat» partiyasi esa 31 foiz atrofida ovoz olgan.