Jahon | 11:44 / 06.10.2021
7693
2 daqiqa o‘qiladi

Toliblar elektr energiya uchun qarzni uzishda BMTdan 90 million dollarlik yordam so‘rashdi

Afg‘onistonda hokimiyatni egallagan “Tolibon” harakati Afg‘onistonning elektr energiya uchun qo‘shni davlatlar oldidagi qarzini to‘lashda BMTdan yordam so‘radi. Avvalroq mamlakatning elektr uchun qarzdorligi 62 mln dollarga yetgani ma'lum qilingandi.

Foto: korrespondent

“Afg‘onistonning DABS energetik korporatsiyasi BMTning Afg‘onistonga ko‘mak berish missiyasidan (UNAMA) elektr energiya yetkazuvchilar oldidagi qarzini to‘lash uchun 90 mln dollar so‘radi. Agar rad javobi berilsa, kompaniya elektr energiya uchun pulni qarzdorligi bo‘lgan iste'molchilardan undirishiga to‘g‘ri keladi”, deb aytilgan xabarda.

Avvalroq DABS Afg‘onistonning qo‘shni davlatlar oldida elektr energiya uchun qarzi 62 mln dollarga yetganini ma'lum qilgan. Ta'kidlanishicha, mamlakat elektr uchun Eronga 25 mln dollardan ko‘proq, Tojikistonga 11,2 mln dollar, O‘zbekistonga 9,9 mln dollar va Turkmanistonga 5,1 mln dollar to‘lab berishi kerak. Bundan tashqari, korporatsiyaning energiya ishlab chiqaruvchi mahalliy kompaniyalar oldida ham qarzdorligi bor. 

Kompaniya rahbari Safiulla Ahmadzoy DABS qo‘shni davlatlarga o‘z qarzini uzishga va'da berib va ulardan elektr ta'minotini uzmaslikni so‘rab maktub yo‘llaganini tasdiqlagan. O‘z navbatida, Tojikiston va O‘zbekiston qarzdorlik mavjudligiga qaramay, qish mavsumida Afg‘onistonni elektr ta'minotidan uzmasligini ma'lum qilgan.

Vaziyat Afg‘onistonning aksariyat aholisi ayni vaqtda moliyaviy muammolarni boshdan kechirayotgani va elektr uchun haqni to‘lay olmasligi bilan qiyinlashgan. Kobulda yashovchi ayrim aholining elektr uchun qarzdorligi 600 dollargacha yetgan va bu poytaxtda yashovchi o‘rtamiyona oila uchun “ulkan” summa hisoblanadi.  

Avvalroq Afg‘oniston islom banki ijrochi direktori Sayyod Muso Kalim Al-Falahiy mamlakat moliyaviy tanazzul yoqasida ekanini va xorijiy yordamga muhtojligini ma'lum qilgandi. Vaziyat hokimiyat tepasiga toliblar kelgandan keyin Afg‘onistonning xorijda saqlanuvchi pullari muzlatib qo‘yilgani bilan yanada og‘irlashgan.

Mavzuga oid