17 sentyabrda Netflix platformasiga joylashtirilgan Janubiy Koreyaning Squid game (“Kalmar o‘yini”) dramasi 2 kunda platformaning top 10talikdagi kinosiga aylandi.

Foto: Netflix

To‘qqiz qismdan iborat kino hozir 90dan oshiq davlatda xitga aylangan. Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinyapti, butun dunyo kino haqida gapiryapti.

TikTok’da #SquidGame heshtegi ostidagi postlar 22,8 mlrd marta ko‘rilgan. Har xil memlar yasalyapti. Kinoning o‘zi Netflix’ga joylanganidan so‘ng keyingi oy – oktabr kelib ulgurmasdan “ingliz tilida bo‘lmagan dunyoda eng ko‘p tomosha qilingan shou” darajasiga chiqib ulgurdi. Netflix kinoni 37 tildagi subtitr va 34 tildagi dublyajini ham taqdim qilgan, bu ham dramaning ko‘proq ko‘rilishi va ommalashishiga sabab bo‘lmoqda.

Squid game. Kino nima haqida?

9 qismdan iborat kino bosh qahramon Gi Hunning hayoti haqidagi tasvirlar bilan boshlanadi. U keksa onasiga e'tiborsiz, 10 yoshli qizi esa ajrashgan xotini bilan yashaydi, ba'zida onasining pulini o‘g‘irlab qimor o‘ynab turadi. Gi Hun – jamiyatning eng quyi vakillaridan biri. U o‘ziga o‘xshagan jami 456 kishi qatorida sirli o‘yinga taklif qilinadi. Yutuq 45,6 mlrd von – 38 mln dollar. Lekin o‘yinda faqat bir kishi g‘olib bo‘ladi, g‘alaba nafaqat boyib ketish, balki tirik qolishning ham yagona shartidir.

Foto: Netflix

Ishtirokchilar o‘ynashi kerak bo‘lgan 6ta o‘yin ham koreys xalq bolalar o‘yinlaridan iborat bo‘ladi. Biroq yuzaga kelgan tahlikali vaziyat, hayot-mamot jangida ishtirokchilar oddiy o‘yinlarning shartini bajarishga juda qiynaladi.

1-o‘yin: “Qizil chiroq, yashil chiroq”

Xalq o‘yini hisoblangan bu o‘yinda ishtirokchilar ulkan robot qo‘g‘irchoq kuylaganda harakatlanish, qo‘shiq to‘xtaganda qimir etmasligi kerak. Qo‘shiq aytilmayotgan paytda harakatlanib qo‘ygan ishtirokchi otib tashlanadi.