O‘zbekiston | 12:24 / 18.10.2021
2729
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazm viloyati sudlarida hokim qarorlarining 260 tasi haqiqiy emas deb topildi

Xorazm viloyat sudi va ma'muriy sudining o‘tgan 9 oydagi faoliyatiga doir axborot jamoatchilikka yetkazildi.

2021 yilning yanvar-sentabr oylari davomida viloyat sudlarida jami 902 ta jinoyat, 11 192 ta fuqarolik, 6 362 ta iqtisodiy, 1 211 ta ma'muriy va 15 529 ta ma'muriy huquqbuzarlik ishlari ko‘rib tamomlangan.

Foto: Xorazm viloyat sudining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi.

Shuningdek, 87 nafar shaxs sud zalida qamoqqa olingan, 45 nafar shaxs qamoqdan ozod etilgan. 619 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan va 19 nafar fuqaro oqlangan.

Sudlarning jinoyatlarga qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi faoliyat samaradorligini kuchaytirish maqsadida 325 ta (36,1 foiz) jinoyat ishi aynan jinoyat sodir bo‘lgan joylarda, mahallalarda, tegishli tashkilot va muassasalarda sayyor sud majlisi tartibida ko‘rib chiqilgan. Bu ko‘rsatgich fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda 3 524 ta (31,5 foiz), iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlarda 2 715 tani (42,6 foizni) tashkil etgan.

Ma'muriy sudlar tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarning 415 tasi (34,2 foiz) sayyor sud majlisida ko‘rib chiqilgan. Sud amaliyotida hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish bo‘yicha 447 ta ariza ko‘rib chiqilgan va shundan 260 tasi qanoatlantirilgan.

9 oy mobaynida iqtisodiy sudlarda ko‘rilgan ishlarni 2020 yilning shu davri bilan taqqoslanganda, soliq qarzdorligini undirish bo‘yicha 247 taga, mahsulot yetkazib berish shartnomasi bo‘yicha 669 taga, kredit shartnomasi bo‘yicha 255 taga, tadbirkorlik sub'yektlarining banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yish yuzasidan 2 036 taga ko‘paygan.

Mavzuga oid