Kun.uz muxbiriga ko‘ra, tadbirda «Ishonch» gazetasi bosh muharriri Husan Ermatov ham chiqish qildi va 1989 yilda qabul qilingan qonun bilan o‘zbek tili haqiqatan davlat tili maqomini olgan yoki olmaganini so‘roq ostiga oldi.
«To‘g‘risini aytganda, bugun biz «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunni varaqlab ko‘rib, o‘sha paytda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganmi yoki berilmaganmi degan savolga javob topa olmaymiz.
Xo‘sh, davlat tili maqomi qanday bo‘ladi o‘zi? Bu haqda taniqli olim Zuhriddin Isomiddinovning «Ma'rifat» gazetasida e'lon qilingan maqolasida shunday ma'lumotlar keltiriladi:
O‘zbekiston: «1-modda. O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir».
Biroq bu «qaltis» gap uchun keyingi moddada «uzr» so‘raladi:
«2-modda. O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi respublika hududida yashovchi millat va elatlarning o‘z ona tilini qo‘llashdan iborat konstitutsiyaviy huquqlariga monelik qilmaydi».

Holbuki, boshqa barcha qo‘shni davlatlarning til to‘g‘risidagi qonunlarida bunaqa mayinlik yo‘q — ularda qonun ruhi va uslubi ustuvor:
Armaniston: «Armaniston Respublikasining davlat tili — arman tilidir, bu til respublika hayotining barcha sohasida amal qiladi. Armaniston Respublikasining rasmiy tili — arman adabiy tilidir. Armaniston Respublikasi arman tilining mamlakat tashqarisida yashaydigan armanlar o‘rtasida saqlanishi va tarqalishiga ko‘maklashadi».
Tojikiston: «1. Tojikiston Respublikasining davlat tili tojik tilidir. 2. Tojikiston Respublikasining har bir fuqarosi davlat tilini bilishga majburdir».
Qirg‘iziston: «Qirg‘iz tili Qirg‘iziston davlatchiligining bosh asoslaridan biri sifatida davlat va mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlari faoliyatining barcha sohalarida amal qiladi».
Ozarboyjon: «1. Ozarboyjon Respublikasining davlat tili ozarboyjon tilidir. Ozarboyjon Respublikasining har bir fuqarosi davlat tilini bilishga majburdir. 2. Ozarboyjon tili davlat tili sifatida mamlakat hayotining barcha siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ilmiy va madaniy sohalarida foydalaniladi. 3. Ozarboyjon Respublikasi davlat tilidan foydalanishni, uni himoya qilish va rivojlantirishni ta'minlaydi».














