Jamoa chizmalarni internetdan yuklab olib, mustaqil tarzda yig‘ish mumkin bo‘lgan yog‘och velosiped – OpenBike'ni ishlab chiqdi.

Arquimaña studiyasi asoschilari Rakel Ares va Inyaki Albistur avtomobillar ko‘payib borayotganiga e'tibora qaratib, OpenBike konsepsiyasini 2017 yilda o‘ylab topishdi. G‘oya odamlar o‘zlari yig‘ishi mumkin bo‘lgan ekologik toza velosipedni ishlab chiqishdan iborat edi. Ular o‘z konsepsiyalarini amalga oshirish uchun basklar hukumatining rejalashtirish, uy-joy va transport hududiy departamentidan moliyaviy yordam olishdi.

Barchaga ma'lumki, avtomobillardan farqli ravishda velosipedlar atrof-muhitni ifloslantirmaydi, shuningdek, issiqxona gazlarini ishlab chiqarmaydi. Biroq Ares va Albisturning maqsadi velosipedlarni ishlab chiqarish jarayonida ham ifloslanishni kamaytirishdan iborat edi.

 

Foto: ARQUIMAÑA
  • Dastlab foydalanuvchi Fab Foundation sayti orqali o‘ziga eng yaqin ustaxonani topadi.
  • Velosipedning asosiy korpusi qayta ishlanuvchi resurs – fanerdan ishlanadi. U ustaxonada maxsus qurilma yordamida kesib olinadi.
  • O‘tirish o‘rni va rul 3D printerda silikondan bosib chiqariladi. Bunda shu turdagi eski velosipedlarning qayta ishlangan xomashyosini ham qo‘llash mumkin.
  • G‘ildiraklarni alohida sotib olish kerak.

Shu tariqa, odamlar o‘z shahridagi raqamli ishlab chiqarish ustaxonasida velosipedni yig‘ish imkoniyatiga ega. Bu esa tayyor mahsulotni yetkazib berish jarayonida yuzaga keladigan chiqindilarni yo‘q qiladi.

“Biz kam masshtabdagi mahalliy ishlab chiqarishga e'tibor qaratganmiz”, – deydi Albistur.

Albisturning qayd etishicha, OpenBike'ni ishlab chiqarish bozordagi eng arzon variant emas. Faner va boshqa kerakli qismlarni sotib olish uchun taxminan 500 dollar sarflanadi. Velosiped yog‘ochdan ishlangani uchun boshqa velosipedlarga qaraganda og‘irroq. Biroq Albistur studiyaning maqsadi bozordagi eng yuqori texnologik velosipedni yaratish emas, odamlar hamjamiyatiga qaratilganini aytadi.