Infeksiyaga qarshi kurash bo‘yicha tezkor shtab ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir kunda Rossiyada koronavirusga chalingan 1106 kishi vafot etdi. Bu pandemiya davridagi rekord ko‘rsatkich sanaladi, avvalgi maksimum o‘tgan haftaning shanba kuni qayd etilgandi - 1075 o‘lim.

Koronavirus bilan bog‘liq o‘limlar soni qatorasiga sakkizinchi kun 1 mingdan yuqori bo‘lmoqda. Bir kun oldin rasmiy statistika bo‘yicha Covid-19 bilan bog‘liq 1069 o‘lim, yakshanba kuni esa - 1 072 o‘lim ro‘yxatga olingandi.

Eng ko‘p qurbonlar Moskvada qayd etilmoqda - 86 (bir kun oldin 83 edi), shuningdek, Peterburgda 72, Krasnodar o‘lkasida - 40 kishi vafot etgan. Iyun oyi oxirlarida Moskvada kuniga 120 atrofida o‘lim holatlari ro‘y bergan, Peterburgda ham o‘lim darajasi shunga yaqin bo‘lgandi.

Shtab ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatda jami o‘lim holatlari 232 775taga yetgan. Rosstatda esa raqamlar ko‘proq, unga ko‘ra pandemiya davrida koronavirusga chalingan rossiyaliklarning 400 mingdan ortig‘i vafot etgan.

Shu bilan birga, Covid-19ga chalinish bo‘yicha kunlik holatlar pasaya boshladi - bir kun oldin 37 930 holat qayd etilgan (bu pandemiya davridagi yangi rekord bo‘lgandi), bugun esa yana 36 446 kishiga tashxis qo‘yilgani tasdiqlandi, yakshanba kuni bu ko‘rsatkich 35 660tani tashkil qilgan.

Avvalgi kunlarda bo‘lgani kabi, kasallanish asosan Moskvadagi holatlar evaziga pasaymoqda - Rossiya bo‘yicha pasayish 1 484 holatga teng bo‘lgani holda, poytaxtda pasayish 1 704 holatni tashkil etgan (so‘nggi kunda 6 074ta yangi holat qayd etilgan), ya'ni qariyb 22 foizga. Moskva oblastida bir kun oldingi 3 127 o‘rniga 2 930 holat qayd etilgan, Peterburgda o‘sish kuzatilgan - 2 693dan 2 735ga.

Ilk komendantlik soati

Shu haftada Rossiyada ishlanmaydigan kunlar amal qilishi boshlanadi: 30 oktyabrdan butun mamlakat bo‘ylab, 28 oktyabrdan - Moskvada. Ayrim regionlarda bu rejim dushanba kuniyoq kuchga kirgan.

KIRILL KUKHMAR/TASS

Moskva va Peterburgda qisman lokdaun e'lon qilingan - unga ko‘ra bu shaharlarda faqat oziq-ovqat mahsulotlari sotiladigan do‘konlar, dorixonalar, emlash punktlari va yana bir qancha tashkilotlar ishlashiga ruxsat beriladi. Restoranlar, kafe va barlar 7 noyabrga qadar yopiq turadi. Moskva rasmiylari shu kunlarda hozircha lokdaun muddati uzaytirilishi ko‘zda tutilmayotganini ma'lum qildi.