27 oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir oldidan prezidentlik saylovi g‘olibi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan muhim siyosiy jarayon natijalariga to‘xtaldi va xalqqa minnatdorlik bildirdi.

«Assalomu alaykum, hurmatli yig‘ilish qatnashchilari! Bugun sizlar bilan mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan g‘oyat muhim siyosiy voqea – prezident saylovi jarayonlaridan so‘ng, birinchi yig‘ilishimizni o‘tkazmoqdamiz. Hammamizga ayon bo‘ldi, hududlarda o‘tkazilgan uchrashuvlarda xalqimiz o‘z fikrlarini, takliflarini bildirishdi. Joylardagi rahbarlar ham yechimini kutayotgan muammolar borligiga yana bir marta amin bo‘lishdi.

Xalqimiz saylovda uyushqoqlik bilan ishtirok etib, o‘zining siyosiy-huquqiy madaniyati tobora yuksalib borayotganini, tinch va farovon hayot barpo etishga bo‘lgan ezgu va oliyjanob intilishini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.

Saylov natijalari tinch-farovon hayotimizga, ertangi kunga ishonch bo‘lganligi, keng ko‘lamli islohotlarimizga berilgan oliy baho, deb hisoblayman. Men o‘zim uchun ko‘p xulosalar qildim, rejalar tuzib oldim. Endi kechagidek ishlashga umuman haqqimiz yo‘q. Chunki biz juda katta-katta va'dalar berdik.

Ushbu saylovda el-yurtimiz tomonidan bildirilgan yuksak ishonchni biz besh yil oldin boshlagan, huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarimizga berilgan eng oliy baho, deb bilaman.

Fursatdan foydalanib, mening O‘zbekiston Respublikasi prezidenti etib saylanishimga o‘z ishonchini bildirgan va samimiy qo‘llab-quvvatlagan aziz yurtdoshlarimga, ko‘p millatli butun xalqimizga, xususan, alohida Qoraqalpog‘iston ahliga yana bir bor o‘zimning cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman.

Mamlakatimizda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elatlar o‘rtasidagi do‘stlik va totuvlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhiti bizning eng katta boyligimizdir. Mana shunday bebaho boylikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashni men prezident sifatida o‘zimning ustuvor vazifam, deb hisoblayman.

Ushbu saylovlarni milliy qonunchiligimiz va umume'tirof etilgan xalqaro standartlarga to‘la mos holda, yuqori saviyada, ochiq-oshkora, demokratik, sog‘lom raqobat va kurash muhitida o‘tkazishga katta hissa qo‘shgan barcha mutasaddi va faollarga minnatdorchilik bildiraman.

Xususan, Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari, saylov uchastkalarining rahbar va a'zolariga, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, viloyat, shahar va tuman hokimliklariga, alohida barcha tashkilot va idoralar xodimlariga samimiy tashakkurimni izhor etaman. Tayyorgarlik, tartib bo‘yicha ularga birorta savol tug‘ilmadi.