O‘zbekiston | 18:37 / 27.10.2021
18558
4 daqiqa o‘qiladi

Muammo hal bo‘lishi prezidentning borishiga bog‘liq bo‘lmasligi kerak - Shavkat Mirziyoyev qonunlar ishlashi kerakligi haqida

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida qishloq xo‘jaligida klasterlar faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda tegishli vazirliklar vakillari, viloyatlar hokimlari ishtirok etmoqda.

«Bugungi asosiy vazifa – xalqimizning tinchligi, farovonligini ta'minlash, islohotlarning natijasini ko‘rsatish. Odamlar prezident yoki viloyat hokimlari kelib qo‘l qo‘yishi bilan ish bitirmasliklari kerak, qonunlarga asoslanib emin-erkin ishlashlari zarur.

Bugungi yig‘ilishda, qishloq xo‘jaligidagi islohotlarning borishi, klasterlar oldidagi muammoli masalalar va ularning yechimlarini ko‘rib chiqamiz», degan davlat rahbari.

Prezident klasterlar masalasidagi rejalarga to‘xtalgan.

«Klasterlar masalasida juda katta rejalar tuzyapmiz. Klaster tizimiga o‘tganimiz, qisqa vaqt ichida qishloq xo‘jaligida keskin o‘zgarishlar qilishga zamin yaratdi.

Jumladan, birgina paxtachilikda tolani qayta ishlash 2,5 barobarga oshib, 100 foizga yetkazildi, shuningdek, ip-kalava ishlab chiqarish 2 barobarga, tayyor mahsulot – 3 barobarga ortdi, eksport yil yakuniga qadar 3 milliard dollarga yetadi. «Paxta xomashyosidan tayyor mahsulotgacha» bo‘lgan zanjirni yaratish bo‘yicha 2 milliard dollarlik 125ta yangi ishlab chiqarish quvvatlari hamda 150 mingta doimiy ish o‘rinlari tashkil qilindi.

Shuningdek, klasterlar tomonidan 5 mingdan ortiq yuqori unumli texnikalar olib kelindi, 126 ming gektar maydonda suv tejash texnologiyalari joriy qilindi, 143 ming gektar maydon foydalanishga kiritildi. Bu yil suv bo‘yicha nihoyatda og‘ir bo‘ldi. Lekin qo‘shnilarimiz, Qirg‘iziston ham, Tojikiston ham biror kun suvni to‘xtatmadi. Endi tasavvur qiling, noto‘g‘ri siyosat yuritilganida natija qanaqa bo‘lardi?» deydi prezident.

Yig‘ilishda fermerlar o‘zlari istagan klaster bilan shartnoma tuzishi mumkinligi qayd etilgan.

«Paxta va g‘allachilikda hosildorlik yildan yilga o‘sib bormoqda. Klasterlarning aksariyati joriy yilda paxtadan 35-40 sentnergacha hosil oldi. Klasterlarga shuncha imkoniyat yaratib beryapmiz, fermerlar o‘zlari istagan klaster bilan shartnoma tuzishlari mumkin bo‘ldi.

Shu bilan bir qatorda, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari kabi, qishloq xo‘jaligida ham kelgusi besh yil uchun, oldimizdagi muhim vazifa va rejalarni belgilab oldik.

Avvalo, hosildorlikni kamida ikki barobarga ko‘tarish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, soha eksportini 7 milliard dollarga olib chiqish, qishloqlardagi aholi bandligi va daromadlarini yanada oshirishni reja qilganmiz.

Eng dolzarb 30dan ziyod muammo va masalalar tizimlashtirilib, ularning yechimlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Ularni hozir sizlar bilan birgalikda muhokama qilib olamiz.

Eng asosiy muammo – amaldagi eskicha moliyalashtirish tartibi, ayni paytda klaster tizimini rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilgan talablarga mutlaqo javob bermayapti.

Ayniqsa, paxta-to‘qimachilik klasterlari, kredit muddatlarini uzaytirish va miqdorini ko‘paytirishni so‘ramoqdalar.

Muammo shundaki, hozirda klasterlarga kredit 11 oy muddatga ajratiladi. Paxta xomashyosini yetishtirib, uni qayta ishlashga esa, kamida 24 oy kerak.

Yerni ekishga tayyorlash ishlari oktyabrda boshlansa-da, kredit 3-4 oy kechiktirilib, yanvar-fevral oylaridan ajratiladi. Bu eskirgan tizim, endi to‘liq o‘zgaradi», – deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid