06:34 / 28.10.2021
10321

“Dinozavr” BMT minbaridan turib insoniyatni iqlim o‘zgarishi oqibatlaridan ogohlantirdi

BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) “Qirilib ketishni tanlamang” kampaniyasi doirasida iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashni qo‘llab-quvvatlash maqsadida antiqa filmni taqdim qildi. Qisqa metrajli filmning bosh qahramoni dinozavr bo‘ldi.

U filmda BMT minbaridan davlatlar delegatsiyalari va BMT xodimlariga murojaat qilib, ularni insoniyat yaqin orada qirilib ketishi mumkinligidan ogohlantiradi.

E'tiborlisi, 1,5 oy oldin ushbu minbardan jahon yetakchilari BMT Bosh assambleyasining 76-sessiyasida nutq so‘zlashgandi.

Bosh qahramon barcha odamlarni o‘z xatti-harakatlari uchun turli bahonalar izlamaslikka va insoniyatning qirilib ketishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan issiqxona gazlari va qashshoqlik muammolariga qarshi kurashishni boshlashga undaydi. U global isish sharoitida qazib olinuvchi yonilg‘i bilan bog‘liq loyihalarning davlatlar tomonidan moliyalashtirilishini nooqilona deb ataydi va buni go‘yoki “dinozavrlarning ularning yo‘q bo‘lib ketishiga sababchi bo‘lgan asteroidga sarmoya kiritishidek gap” deb ta'kidlaydi.

Dinozavr zalda yig‘ilganlarga savol bilan yuzlanadi: “Bizning yo‘q bo‘lishimizga asteroid sabab bo‘lgan. Sizda-chi, qanday vaj bo‘ladi?”

Rolik oxirida “Hozir yoki hech qachon” degan yozuv chiqadi.

Taqdim etilgan rolik BMT tarixida 3D-grafika qo‘llanib tayyorlangan ilk video bo‘ldi. Unga ingliz, ispan va fransuz tillarida taniqli aktyor va aktrisalar — Nikolay Koster-Valdau (“Taxtlar o‘yini” serialida rol ijro etgan), Eysa Gonsales (“Godzilla Kongga qarshi”) va Aisa Mayga (“Parij, seni yaxshi ko‘raman”) ovoz bergan.

Oktyabrda BMT iqlim inqirozining oldini olish uchun davlatlar bu boradagi sa'y-harakatlarini ikki barobar oshirishga chaqirilgan hisobotni taqdim qilgandi. Unda tadqiqotchilar karbonat angidrid gazining atrof-muhitga chiqarilishi hajmi hozirgi sur'atlarda qolsa, unda dunyodagi o‘rtacha havo harorati sanoat davrigacha bo‘lgan darajadan 2,7 daraja oshishini prognoz qilishgan. Vaholanki, iqlim bo‘yicha Parij kelishuviga ko‘ra, harorat ko‘tarilishini maksimal 1,5 darajada ushlab turish lozim.

Top