Jamiyat | 11:55 / 30.10.2021
14300
2 daqiqa o‘qiladi

Urgutda ayol va uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi is gazidan vafot etdi

Urgut tumanida ayol va uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi is gazidan vafot etgan. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.

Illyustrativ foto

Ma'lum bo‘lishicha, 2021 yil 28 oktyabrdan 29 oktyabrga o‘tar kechasi Urgut tumani Chumchuqli mahallasida yashovchi ayol va uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi is gazidan vafot etgan. Kun.uz manbasiga ko‘ra o‘sha kuni ayol isitish pechida tappi va ko‘mir kukuni aralashmasidan tayyorlangan tezak yoqqan.

Kun.uz hodisa yuzasidan ma'lumot olish uchun Urgut tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Dilmurod Sanaqulov bilan bog‘landi. D.Sanaqulov 30 oktabr kuni Urgut tumani Chumchuqli mahallasida uch kishi vafot etganini, ulardan ikki nafari 2010 va 2016 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan bolalar bo‘lganini tasdiqladi. Uning bildirishicha hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

D.Sanaqulovning aytishicha, tuman FVB xodimlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlar, OAV orqali, shuningdek turli tashkilotlar va mahallalarda yurib targ‘ibotlar olib borilyapti. Ammo shunga qaramasdan odamlar hamon uy isitish pechlarini yoqishda pechlarning sozligiga, mo‘rilarni tozalash ishlariga e'tiborsiz bo‘lishyapti. Jumladan, Chumchuqli mahallasida yuz bergan is gazidan zaharlanish hodisasiga ham to‘lib qolgan mo‘ri tozalanmasdan isitish pechi yoqilgani sabab bo‘lgan.

«Fuqarolardan turli isitish pechlarini yoqishdan avval mo‘rilarni tozalashlarini, pechlarning sozligini tekshirishlarini iltimos qilamiz. Agar ular ozgina e'tiborli bo‘lsalar, Chumchuqli mahallasida yuz bergan fojiaga o‘xshash holatlar takrorlanmasdi», deydi D.Sanaqulov.

Avvalroq, 15 oktyabrdan 25 oktyabrgacha Samarqand viloyatida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq 4 ta hodisa sodir bo‘lgan va ularda 8 nafar fuqaro vafot etgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid