Kun.uz muxbiri suyultirilgan gaz yetkazib berish borasida aholidan kelayotgan savol va murojaatlar yuzasidan “Hududgazta’minot” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Tohirjon Turdiyev bilan intervyu uyushtirdi.

— Dastlab aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimi haqida gaplashsak. Xo‘sh, bu tizim qaydan kelib, qay tomonga ketmoqda?

— Bugungi kunda O‘zbekistondagi 3 mln 600 mingdan ortiq xonadon imtiyozli narxda suyultirilgan gaz bilan ta'minlab kelinmoqda.

Bugungi kunda Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida 4ta suyultirilgan gaz ishlab chiqaruvchi korxona bor. Bu korxonalar uzluksiz ravishda ishlab, kuniga 2 ming tonna va oyiga 50 ming tonnadan ortiqroq suyultirilgan gazlarni joylarga yetkazib beradi.

Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish uch bosqichli jarayondan iborat. Bu zavodlardan yuklab olish, uni saqlash va tarqatish hamda aholiga yetkazib berish.

“Hududgazta’minot” AJ ish boshlagunga qadar suyultirilgan gaz aholiga ro‘yxat (vedomost) asosida yetkazib berilardi. Bu jarayonda kimga qancha gaz borayotganini bilishning imkoni bo‘lmagan. Korrupsiya holatlari ham ko‘p edi.

Endilikda suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayoni avtomatlashtirilgan tizimga o‘tkazildi. Hozir 3 mln 600 mingdan ortiq xonadonga ID kartalar tarqatilgan va aholi vakillari naqd pul savdosisiz gaz sotib olmoqda.

Biz hozirda har bir xonadon olayotgan gaz miqdori va muddatini ko‘rib tura olamiz.

Bu jarayonda shaffoflikni oshirish uchun biz gaz ballonlarga yopishtiriladigan stikerlarni ham joriy qildik. Bu stiker orqali gaz ballonlari kimga va qachon borganini ham ko‘rib turish mumkin.

Bu tizimda o‘zgarishlar davri boshlanishidan avval aholiga gaz ballon yetkazib berish muddati 2-3 oygacha cho‘zilib ketardi. Biz esa bu jarayonni 40-45 kungacha tushirishga erishdik.

— Siz bu muddatni 40-45 kungacha tushirdik deyapsiz, lekin bizga kelayotgan murojaatlarga ko‘ra, aholiga gaz yetkazib berish muddati hamon 2-3 oyni tashkil qiladi. Nega bu borada iste'molchi huquqlari himoya qilinmaydi?