O‘zbekiston | 14:17 / 09.11.2021
12384
7 daqiqa o‘qiladi

Flydubai O‘zbekiston Transport vazirligidan norozi. Reyslar soni oshirilishiga nega ruxsat berilmayapti?

Dubay–Toshkent–Dubay yo‘nalishidagi aviaqatnovlar haftasiga 7 kun amalga oshirilishi bo‘yicha kelishuv imzolangani, biroq Transport vazirligi hujjatga amal qilmayotgani aytilmoqda.

Foto: Getty Images/Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Aktualno.uz sayti O‘zbekiston Transport vazirligi BAAning Flydubai aviakompaniyasi bilan imzolangan kelishuvga amal qilmayotgani to‘g‘risida maqola e'lon qildi.

Unda qayd etilishicha, 2019 yilda yo‘lga qo‘yilgan Dubay–Toshkent–Dubay yo‘nalishidagi aviaqanovlar haftada 7 kun amalga oshirilishi kerak bo‘lgan. Ammo oradan ikki yildan ko‘p vaqt o‘tasa-da, reyslar xalqaro kelishuvda ko‘zda tutilgan 7  kun emas, 6 kun amalga oshirilmoqda.

Kun.uz jamaotchilikka ochiqlangan mazkur masalani o‘rgandi.

Aviakompaniya chindan ham kelishuvda haftasiga 7 kun muntazam reyslar yo‘lga qo‘yilishi belgilangan bo‘lsa-da, qatnovlar haftada 6 kun amalga oshirilayotganini tasdiqladi.

Kompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, ushbu masalada vazir Ilhom Mahkamovga bir necha bor murojaat qilingan, biroq ijobiy javob bo‘lmagan.

Ayni paytda Flydubai parvozlariga talab yetarli va haftaning 7 kuni davomida samolyotlar to‘la holatda ucha oladi. Chiptalar ham nisbatan arzon. Qolaversa, aviakompaniya ortidan budjet va aeroport xizmatlariga ham yaxshigina daromad keladi.

“Flydubai qatnovlari boshlanishidan oldin Dubayga aviachiptalar narxi 850-900 dollar atrofida edi. Hozirda chiptalar 350-400 dollarga tushgan. Odamlar 500-600 dollar bilan Dubayda dam olib kelishyatpi.

Flydubai har bir reysida aeroportga qariyb 11 ming dollar atrofida pul to‘laydi. O‘zbekistonga har bir reysimizda yo‘q deganda 25-30 nafar sayyoh olib kelamiz. Ular kelib 500 dollardan sarflasa ham yana 15 ming dollar kelyapti, degani. 

Aviakompaniya bilan vazirlik o‘rtasida 4ta protokol bor. Ularning barchasida haftada 7 marta uchishga kelishilgan. Transport vazirligiga bu masalada xat yozamiz, javob berishmaydi.

Orada haftada 7 kun uchishga ruxsat berildi, ammo chipta sotishni boshlaganimizdayoq uni to‘xtatib qo‘yishdi. Charter reyslar olishda qiynalib ko‘p joylarga murojaat qilishga majbur bo‘lyapmiz.

Shu bitta muntazam reys nega qo‘yilmayapti, hayronmiz. Ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, 2019 yil may oyidan biz haftasiga 7ta reys amalga oshirishimiz kerak edi. Ikki yildan beri 7 kun to‘liq uchishga ruxsat berilmayapti. Nima uchun bunday qilishayotgani bizga qorong‘i.

Toshkent xalqaro aeroporti ma'muriyati 7 kunlik parvozlarga ruxsat bermoqda. Ammo Transport vazirligi bunga qarshilik ko‘rsatayotgani sababli ushbu parvozlar amalga oshmay turibdi. Bu bizning haqimiz-ku, nega bunday qilishadi?” deydi kompaniya vakili Kun.uz muxbiri bilan suhbatda. 

Yaqinda ushbu masalada vazirlikka yana bir bor so‘rov yuborilgan. Ammo hali javob kelmagan.

Kun.uz muxbiri mazkur masala yuzasidan mutasaddilardan izoh olish maqsadida Transport vazirligiga bordi. Biroq ichkariga kirishning imkoni bo‘lmadi, bunga sabab sifatida rahbarlar ish joyida emasligi aytildi.

Vazirlik matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatov mutaxassislar bilan bog‘langan holda bu masalaga yozma ravishda izoh berdi.

“O‘zbekiston tomoni ikki davlat aviatsiya ma'muriyatlari o‘rtasidagi 2018 yil 9 dekabrda tuzilgan bayonnomaga asosan Flydubai aviakompaniyasiga Dubay–Toshkent–Dubay yo‘nalishida haftasiga 7 marta parvoz amalga oshirish uchun tegishli huquq berilganini e'tirof etadi.

Havo qatnovi to‘g‘risida 1998 yil 17 noyabrda tuzilgan ikki tomonlama hukumatlararo bitimning 6-moddasiga asosan, har ikki tomonning tayinlangan aviakompaniyalariga belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha kelishilgan qatnovlardan foydalanish uchun haqqoniy va teng imkoniyatlar berilishi lozimligi qayd etilgan.

Shu nuqtayi nazardan ikki mamlakat aviatsiya ma'muriyatlari 2021 yil 19-20 may kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida o‘zaro hamkorlik va havo qatnovlarini yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan qator kelishuvlarga erishdi. Xususan:

  • Flydubai aviakompaniyasiga Dubay–Toshkent–Dubay yo‘nalishida muntazam parvozlar sonini haftasiga 5tadan 6taga oshirishga ruxsat berildi.
  • Air Arabia PJSC aviakompaniyasiga Sharja–Toshkent–Sharja yo‘nalishida muntazam parvozlar sonini haftasiga 2tadan 3taga oshirishga ruxsat berildi.
  • Air Arabia Abu Dhabi aviakompaniyasiga Abu-Dabi–Toshkent–Abu-Dabi yo‘nalishida muntazam parvozlar sonini haftasiga 2tadan 4taga oshirishga ruxsat berildi.
  • Wizz Air Abu Dhabi aviakompaniyasiga Buxoro va Urganchga qatnovlarni amalga oshirish huquqi berildi.
  • Shuningdek, Toshkent–Dubay–Toshkent yo‘nalishidagi parvozlar sonini 7 martagacha oshirish masalasi ikki davlat aviatsiya ma'muriyatlarining navbatdagi muzokaralari doirasida ko‘rib chiqilishiga kelishib olindi. 

Bugungi kunda O‘zbekiston va BAA o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar soni har ikki tomondan haftasiga jami 18ta, oyiga 74tani tashkil etadi.

Bunda, Toshkent–Dubay yo‘nalishida haftasiga 12ta (Uzbekistan Airways – 6ta, Flydubai – 6ta qatnov), oyiga 48ta qatnovni, Toshkent–Sharja yo‘nalishida esa haftasiga jami 4ta (Uzbekistan Airways – 1ta, Air Arabia PJSC – 3ta qatnov), oyiga 16ta qatnovni tashkil etadi.

Hozirda O‘zbekiston tomonidan BAAga amalga oshirilayotgan parvozlar soni haftasiga 7tani, bunda BAA tomonidan O‘zbekistonga parvozlari soni esa 9tani tashkil etmoqda.

Shu bilan birga, Flydubai aviakompaniyaci tomonidan charter qatnovlarini amalga oshirish bo‘yicha tegishli so‘rovnoma ijobiy hal etilganini ma'lum qilamiz”, deyiladi vazirlik izohida.

Navro‘z Ashurmatovning qayd etishicha, Flydubai bilan dastlabki kelishuvda parvozlarni haftasiga bosqichma-bosqich 7 kunga oshirish belgilangan. Ya'ni reyslarni birdaniga 7 kun davomida amalga oshirish nazarda tutilmagan.

Aviakompaniya vakili esa aslida 2019 yilgi kelishuvdayoq 7 kunlik muntazam qatnovlar joriy etilishi kerak bo‘lganini ta'kidlamoqda.

Xullas, masala mohiyati ikki tomondan turlicha yangramoqda. Vazirlik 7 kunlik parvozlarga rozilik berilishi masalasi “ikki davlat aviatsiya ma'muriyatlarining navbatdagi muzokaralari”da ko‘rib chiqilishini bildirdi.

Aviakompaniya vakilining ma'lumot berishicha, Transport vazirligi 2021 yil 11 oktyabrdan boshlab 2021-2022 yilgi qish mavsumida Dubay–Toshkent–Dubay yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni 7 kun davomida amalga oshirishga rozilik bergan. Ammo oradan 10 kun o‘tib bu qaror rad etilgan. Vazirlikning Kun.uz'ga bergan izohida bu holat eslanmagan.

Islombek Umaraliyev tayyorladi.

Mavzuga oid