Bugun, 9 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida tibbiyot sohasidagi muammolar yechimiga oid videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Yig‘ilishda mamlakat aholisi orasida yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lim holatlari yuqoriligicha qolayotgani qayd etildi.
“Ochiq aytish kerak, tuman va shaharlarda ixtisoslashgan, yuqori texnologik tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, shifokorlar malakasi bilan bog‘liq ko‘plab masalalar hali o‘z yechimini topgani yo‘q.
Saylovoldi dasturida tibbiyotni xalqimizni rozi qiladigan tizimga aylantirish bo‘yicha katta marralarni belgilab oldik. Buning uchun, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘iniga ajratiladigan mablag‘larni 2 barobarga oshirib, aholi o‘rtasida keng tarqalgan kasalliklarni kamaytirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilishni belgilab oldik. Shu bois, bugungi yig‘ilishda ushbu vazifalar ijrosini aholi salomatligini ta'minlashdagi eng muhim sohalardan biri bo‘lgan kardiologiya yo‘nalishi misolida ko‘rib chiqamiz.
Aytish joizki, 30-70 yoshdagi aholi o‘rtasida o‘lim holatlarining 53 foizi hanuz yurak-qon tomir kasalliklariga to‘g‘ri kelmoqda (dunyoda 31 foiz). So‘nggi besh yilda yurak-qon tomir kasalliklari 20 foizga (330 ming nafar), hatto yoshlar orasida ham ko‘paygan. Mana shu raqamlar o‘zi vaziyatni ko‘rsatib turibdi.
Bir narsani aniq tushunib olish lozim. Agar birlamchi bo‘g‘inda kasalliklar va ushbu kasalliklarga moyilligi bor aholini aniqlash ishlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, mazkur raqamlar ancha ko‘proq bo‘ladi, bu ham haqiqat. Misol uchun, 40 yoshdan yuqori aholining 20-25 foizida gipertoniya alomatlari mavjud bo‘lib, rasmiy kasallar sonidan 4-5 barobar yuqori.
Umuman, o‘tkazilgan xatlovlar natijasiga ko‘ra, respublika bo‘yicha 4 millionga yaqin aholi orasida yurak-qon tomir kasalliklari aniqlangan bo‘lib, umumiy aholining 12 foizini tashkil etadi. Ayniqsa, bunday kasalliklarga chalingan aholi soni Namanganda – 18 foiz (450 ming nafar), Farg‘onada – 17 foiz (600 ming), Buxoroda – 14 foiz (230 ming), Qashqadaryoda – 13 foiz (470 ming) tashkil etib, respublika ko‘rsatkichidan yuqori”, deya prezident so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Yurak-qon tomir kasalliklarini barvaqt aniqlash, ularning oldini olish va davolash bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi aytildi.
“Endi mahalla raislarining, uchastka nozirlarining ishi kamaydi. Aholini sog‘lom turmush tarziga jalb qilish kerak. Men uchun har bir odamning sog‘ligi muhim. Toshkent shahri, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlarida yurak-qon tomir kasalliklarining og‘ir asoratlari qolgan hududlarga nisbatan baland.

















