18:25 / 10.11.2021
6301

Kollej va texnikumlarda test sinovlari kunlari va eng ko‘p hujjat topshirilgan yo‘nalishlar ma'lum qilindi

Foto: tsue.uz

Kollej va texnikumlarga kirish uchun test sinovlari 12 noyabrdan boshlanib 17 noyabrga qadar davom etadi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi axborot xizmati rahbari Sardor Usmonov ma'lum qildi.

Sardor Usmonovga ko‘ra, kollej-texnikumlarda imtihonlar 2 smenada tashkil qilinadi. Test sinovlari 1-smenada 09:00 dan 12:00 ga qadar hamda 2-smenada 14:30 dan 17:30 ga qadar bo‘lib o‘tadi. Test sinovlari kasb va mutaxassislikka mos 2 ta fan va barcha test topshiruvchilar uchun majburiy 3 ta fan (ona tili, matematika va tarix)dan o‘tkaziladi.

“Talabgorlarga mutaxassislik fanlaridan 20 tadan, majburiy fanlardan esa 10 tadan jami 70 ta test topshirig‘ini ishlash uchun 3 soat vaqt ajratiladi. Maksimal ball – 189 ball bo‘lib, mutaxassislik fanlari bo‘yicha har bir to‘g‘ri javob uchun 3,15 balldan (jami 126 ball), majburiy fanlar bo‘yicha esa 2,1 balldan (jami 63 ball) beriladi.

Abituriyentlar ruxsatnomalarini Davlat test markazining ruxsatnoma.dtm.uz saytidan yuklab olishlari mumkin” dedi Sardor Usmonov.

Test sinovlari 152 ta yopiq binolarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan va ushbu jarayonlarga oliy ta'lim muassasalarining 2 ming nafardan ortiq professor-o‘qituvchilari va xodimlari guruh nazoratchilari sifatida jalb qilinadi.

Ma'lumot uchun: respublikadagi kollej va texnikumlarga abituriyentlardan hujjat qabul qilish jarayoni 2021 yilning 30 sentyabriga qadar davom etgan edi. 162 ta kollejlarga 95 ming 525 nafar o‘quvchi hujjat topshirgan va  shundan 71 ming 964 nafar o‘quvchi qabul qilishga kvota berilgan. Mavjud 213 ta texnikumlarga 166 ming 910 nafar abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tgan va ularning 109 ming 554 nafarini qabul qilishga kvota ajratilgan.

Har ikki ta'lim muassasasida ham eng ko‘p hujjat topshirgan abituriyentlar soni sog‘liqni saqlash sohasida kuzatilgan. Jumladan, kollejlarning sog‘liqni saqlash sohasi yo‘nalishiga 42 ming 942 ta hujjat qabul qilingan bo‘lsa, texnikumlarda ham bu ko‘rsatkich eng ko‘p ulush - 101 ming 114 tani tashkil etmoqda.

Kollej-texnikumlarning sog‘liqni saqlash sohasida yo‘nalishida abituriyentlar soni yuqoriligi 2020 yilda ham kuzatilgan edi.

2020 yilda ham bu imtihonlar 20 noyabrda boshlanib, 30 noyabrga qadar davom etgan edi.

Top