O‘zbekiston | 10:51 / 10.11.2021
4266
4 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta'lim hamda qurilishni «korrupsiyasiz soha»ga aylantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ishlab chiqiladi

Foto: Senat matbuot xizmati

9 noyabr kuni Oliy Majlis Senati raisi, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi Tanzila Norboyeva raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Ma'lum qilinishicha, yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyevning prezidentlik lavozimiga kirishish marosimida ilgari surgan korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga e'tibor qaratilgan.

«Oliy ta'lim, sog‘liqni saqlash, kapital qurilish hamda davlat xaridlari sohalarini «korrupsiyasiz soha»ga aylantirish bo‘yicha «yo‘l xarita»lari qabul qilinib, ular ustidan ta'sirchan parlament nazorati o‘rnatildi.

Xususan, oliy ta'lim va kapital qurilish sohalaridagi bir qator tartib-taomillar soddalashtirildi, inson omili kamaytirildi, ayrim xizmatlarning raqamlashtirilishi hisobiga korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqaruvchi omillar bartaraf etildi», – deyiladi xabarda.

Shuningdek, yig‘ilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi muhokama qilindi hamda oliy va o‘rta maxsus ta'lim hamda qurilish vazirlarining hisobotlari eshitildi.

«Majlisda oliy va o‘rta maxsus ta'lim hamda qurilish vazirlarining hisobotlari eshitilib, oliy ta'lim va kapital qurilish sohalarini «korrupsiyasiz soha»ga aylantirish bo‘yicha 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish vazifasi topshirildi», — deyiladi Senat xabarida.

Ma'lumot uchun, 2020 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni asosida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi va uning hududiy idoralararo komissiyalari O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va uning hududiy kengashlari etib qayta tashkil etilgan edi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining raisi etib Senat raisi Tanzila Norboyeva, uning o‘rinbosari sifatida Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov tasdiqlangan. Bundan tashqari, Milliy Kengash tarkibidan deyarli barcha vazirlar va davlat tashkilotlarining rahbarlari o‘rin olgan.

Aynan ushbu farmon asosida tashkil qilingan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Milliy kengashning ishchi organi etib belgilanib, unga kengash tomonidan qabul qilingan qarorlarning ijrosini tashkil etish vazifasi yuklangan.

Keyinroq, Toshkent shahar va barcha viloyat hokimlari Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlarining raislari deb belgilandi. Bu holat jamoatchilikda turli savollarni keltirib chiqardi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov esa milliy kengashi raisi avvalgidek bosh prokuror emas, Senat raisi ekanidan kelib chiqilsa, uning mahalliy bo‘g‘inlariga mahalliy deputatlik kengashi raisi, ya'ni hokimlar rahbarlik qilishi mantiqan to‘g‘ri ekanligini aytdi hamda jurnalist va blogerlarni hokimlarga nisbatan xolis yondashishga chaqirdi

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid