Bugun Toshkent shahridagi International Hotel Tashkent mehmonxonasida “Sport tibbiyoti va reabilitatsiyasida innovatsion yondashuvlarning dolzarb masalalari va istiqbollari” mavzusidagi III xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida MDH va Boltiqbo‘yi davlatlari hamda Gruziya sport tibbiyoti va reabilitatsiyasi assotsiatsiyalari rahbarlarining mintaqaviy forumi bo‘lib o‘tdi. Mazkur forum Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Sport tibbiyoti va reabilitatsiyasi milliy assotsiatsiyasi, Sport va turizm vazirligining konferensiyalar rejasi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Foto: Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi axborot xizmati

Konferensiyada sport tibbiyoti, psixologiyasi, reabilitatsiyasi, genetikasi, farmakologiyasi, fiziologiyasidagi dolzarb muammolar bo‘yicha Rossiya Sport tibbiyoti va reabilitatsiyasi assotsiatsiyasi, mutaxassislari, Federal budjet muassasasi, Federal ilmiy-klinik markazi hamda Federal tibbiy-biologik agentligining mutaxassislari o‘z ma'ruzalari bilan ishtirok etdi.

Foto: Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi axborot xizmati

Shuningdek, amaliyotchi sport vrachlari, trenerlar, psixologlar, diyetologlar, farmakologlar, fiziologlar va genetiklar ham mazkur tadbirga taklif etildi. Ozarboyjon, Ukraina, Belorus, Gruziya, Latviya, Kirg‘iziston, Qozog‘iston, Estoniya davlatlaridan tegishli soha mutaxassislari, mintaqaviy sport muassasalari, federatsiya va assotsiatsiyalar vakillari, shuningdek, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent farmakologiya instituti, Tibbiy xodimlarni kasbiy rivojlantirish markazi xodimlari uchun ushbu tadbir katta tajriba va poydevor vazifasini o‘tadi.

Foto: Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi axborot xizmati

Konferensiya dasturidan sport tibbiyoti sohasida hozirgi kun uchun muhim bo‘lgan va yechimini kechiktirib bo‘lmaydigan muammo va vazifalar, ularni hal etish masalalari, innovatsion metodlar bo‘yicha olib borilayotgan izlanishlarni va ularning samaralari bilan bog‘liq fikr-mulohazalar o‘rin oldi. Bu esa shubhasizki, yuqori darajali sportchilar va sohani malakali mutaxassislar bilan to‘ldirishda muhim ahamiyat kasb etadi.