2021 yil davomida ikkinchi bor internetda Rossiya o‘z qo‘shinlarini Ukraina bilan chegaralar tomonga siljitayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bahorda kuzatilgan harbiy keskinlikdan keyin yozda jimjitlik hukm surdi, ammo oktabr oyining so‘nggi kunlarida G‘arbning qator nufuzli nashrlarida chegara hududlarida harbiy faollashuv boshlangani haqida xavotirli xabarlar yangradi. Ukraina mudofaa vazirligi hozircha bunday xavotirlarga qo‘shilgani yo‘q va «Ukraina chegaralari yaqinida rossiyalik harbiylarning zarbdor guruhlari» joylashgani qayd etilmagani ma’lum qilingan. Aslida ham Ukraina sharqida faol harbiy harakatlar boshlanib ketishining qandaydir alomatlari bormi?

Dastlab Washington Post nashrida rossiyalik harbiy qismlar ukrain chegaralari tomon siljiyotgani borasida xavotirlar bayon etildi, Politico nashri esa Smolenskda harbiy texnikalar to‘plangani aks etgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini taqdim etdi (bu Rossiyadagi davlat nashrlarida istehzoli fikrlar bildirilishiga dastak bo‘ldi - shahar Ukraina chegarasidan ko‘ra Belarus chegarasiga yaqin joylashgan).

Satellite image ©2021 Maxar Technologies / AFP / Scanpix / LETA

Ijtimoiy tarmoqlarda yana Belgorod oblastidan o‘tayotgan harbiy yuk mashinalari kolonnasi Ukraina yo‘nalishida ketayotgani, shuningdek, «Buk» qurilmalari o‘rnatilgan eshelonlar Smolensk oblasti yo‘nalishida harakatlanayotgani aytilgan roliklar tarqaldi. Qator rossiyalik siyosatchilarning Rossiya-Ukraina ziddiyatini siyosiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmasligi haqidagi bayonotlari olovga moy sepdi.

Satellite image ©2021 Maxar Technologies / AFP / Scanpix / LETA

Lekin bu safar Ukraina mudofaa vazirligi xotirjamlik saqlamoqda: 1 noyabr kuni vazirlik razvedka boshqarmasi ma’lumotiga asoslangan holda o‘z chegarasi yaqinida Rossiya tomonidan hech qanday harbiy tayyorgarlik kuzatilmayotganini ma’lum qildi.

Ukraina qurolli kuchlari Birlashgan kuchlari qo‘mondoni, general-leytenant Sergey Nayev ham BBC News Ukraina uchun bergan intervyusida mamlakat chegaralari yaqinida rus qo‘shinlarining zarbdor guruhi borligi haqida ma’lumot yo‘qligini aytib o‘tgan.

Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa Kengashi kotibi Aleksey Danilov ham Amerika nashrlaridagi ma’lumotlarga qo‘shilmaydi, u 2 noyabr kungi intervyusida shunday degan: «Ertaga nima bo‘lishini bilmaymiz, lekin bugungi kunda ular yozganidek, chegarada qo‘shinlar to‘planmagan».