Avstriyada ikki million kishi vaksina olmagani uchun lokdaun sharoitlarida qoldi. Qoida dushanba kuni kuchga kirdi: emlanmaganlar faqat ayrim holat, masalan, ishga borish yoki mahsulotlar xarid qilish uchun uydan chiqishi mumkin. Istisno faqat 12 yoshdan kichik bolalar va yaqinda Covid-19 bilan kasallangan bemorlar uchun amal qiladi.

Avstriyadagi odamlarning faqat 65 foizi to‘liq emlangan

Rasmiylar bunday chorani kasallanish holatlari soni ko‘paygani tufayli qabul qildi. So‘nggi yetti kun ichida bu ko‘rsatkich har 100 ming kishiga 800ta holatni tashkil etmoqda. Bu esa Yevropadagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri.

Dam olish kunlari cheklovlar joriy etilishidan oldin Venada hukumat binosi oldida yuzlab odamlar qarshilik namoyishi o‘tkazdi. Ularning qo‘lida “Mening tanam. O‘zim hal qilaman” deb yozilgan plakatlar bor edi.

“Bu yerda yuz berayotgan voqealar butunlay kamsituvchidir”, - dedi qarshilik namoyishi ishtirokchilari jurnalistlarga. Namoyishchilarni o‘ng muxolifat partiyasi ham qo‘llab-quvvatlayapti. Ular hukumat insonlarni birinchi va ikkinchi navga ajratyapti, deb hisoblamoqda. Shifokorlar choralar zarurligini aytyapti: kasalxonalarning jonlantirish bo‘limlari to‘lib ketyapti, ikki haftadan keyin ularda joy bo‘lmasligi mumkin.

Fuqarolarning ko‘chada harakatlanishini politsiya nazorat qiladi. Xodimlar turli joylar, masalan, temiryo‘l stansiyalarida istalgan kishining vaksina olganlik holatini tekshiradi. Qoida buzganlar 500 yevro jarima to‘laydi. Tekshiruvda ishtirok etishdan bosh tortganlarga 1450 yevro miqdorida jarima solinadi.

“Istalgan odam tekshiruv obekti bo‘lishi mumkin”, - deya ogohlantirdi Avstriya ichki ishlar vaziri. Emlanmaganlar uchun boshlangan lokdaun vaksina markazlarida vahima ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.

Lokdaun e'lon qilingach, Avstriyada emlash sur'ati oshdi.

Germaniyada pandemiya boshidan beri kasallanish holatlarining eng yuqori ko‘rsatkichi

Germaniya rasmiylari kasallanish holatlarining oldini olish choralari haqida o‘ylashmoqda. Foto: EPA

So‘nggi hafta davomida 100 ming aholiga infeksiya yuqtirish holatlari soni 289tadan 303taga ortdi. Bu esa pandemiya boshidan beri kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkich. O‘limlar soni 43taga ortdi va 97 715 kishini tashkil qildi.