O‘zbekiston | 16:21 / 22.11.2021
9716
2 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi vaziri Jizzaxda o‘qituvchilar uchun sanatoriy qurish taklifini berdi

Xalq ta'limi vaziri Baxtiyor Saidov Jizzax viloyatida o‘qituvchilar uchun sanatoriy qurishni taklif qildi. Bu haqda Kun.uz’ga vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

Xalq ta'limi vaziri Baxtiyor Saidov Jizzax viloyatidagi ta'lim muassasalari faoliyati bilan tanishmoqda. Viloyatdagi “Yangi kelajak kasblari” markazidagi to‘garak faoliyatini ko‘zdan kechirgan vazir o‘qituvchi-pedagoglarning ish sharoitlarini yaxshilash kerakligi yuzasidan o‘z taklif-mulohazalarini bildirdi.

“Bugun oldimizda turgan asosiy vazifa o‘quvchilarning saviyasini, ularni ilm olishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirishdan iborat. Eng chekka hududlarda ham o‘quvchi jahon standartlari asosida ta'lim olishi lozim. Bunda esa o‘qituvchilarimizdan juda katta bilim, mehnat va fidoyilik talab etiladi. Buning uchun esa biz o‘qituvchilarimizning bilim berishlari uchun shart-sharoitlarni yaxshilashimiz lozim va bu kelgusi strategiyamizning eng asosiy yo‘nalishi bo‘ladi”, — dyeya ta'kidladi vazir.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

Jizzaxning Zomin tumanidagi Mehribonlik uyida bo‘lgan Baxtiyor Saidov tarbiyalanuvchilar uchun qurilayotgan yozgi oromgohni ko‘zdan kechirdi. Oromgohning havosi tozaligini e'tiborga olib, unda mavjud bo‘sh yer hududida o‘qituvchilarning dam olishi uchun ham sanatoriy qurish bo‘yicha taklifni ilgari surdi: “Bunday bahavo yerda nafaqat o‘quvchilar, balki ustozlar ham dam olishlari albatta bolalarimizning sifatli ta'lim olishlari uchun zamin yaratadi. O‘qituvchiga yaxshi shart-sharoitlar yaratib bersakkina, ular bizning kelajak avlodga sifatli ta'lim beradi”.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

Shuningdek, Jizzax shahridagi 22-Ixtisoslashgan davlat umumta'lim maktabi jamoasi bilan uchrashgan vazir, o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, tabiiy fanlarni o‘qitishda amaliy mashg‘ulotlardan foydalanish, xususan, sifatli videokontentlar yaratish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berdi.

Mavzuga oid