O‘zbekiston | 13:38 / 23.11.2021
2331
2 daqiqa o‘qiladi

Beruniy va Bo‘ston tumanlarida yer sotmoqchi bo‘lganlar qo‘lga olindi

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Qoraqalpog‘istonda yer sotish bilan bog‘liq holat fosh etilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, departamentning Beruniy tumani bo‘limi va DXX hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan. Unda fuqaro G.S. fuqaro X.ning ishonchiga kirib, 10 ming AQSh dollari evaziga “M.” fermer xo‘jaligiga qarashli 5 gektar hamda “J.” fermer xo‘jaligiga qarashli 1 gektar yer maydonini olib berishni va'da qilgani aniqlangan. G.S. oldindan 5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi yana bir tezkor tadbirda Bo‘ston o‘rmon uchastkasi o‘rmonchisi R.O‘. fuqaro D.ga tanishlari yordamida 4 ming AQSh dollari evaziga o‘rmon xo‘jaligi hududidan 1 gektar yer maydonini yer ajratib berishga kelishib, 3 500 AQSh dollarini oldindan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Oldinroq Shumanayda qalbaki alkogol mahsulotlarini sotayotganlar ushlangandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid