Samarqandning «Dinamo» jamoasi ko‘pchilik uchun kutilmaganda Pro-Liga vitse-chempioni sifatida Superligaga yo‘l oldi. Albatta, «Dinamo»ning yuqori divizionga chiqishi ajablanarli emas, lekin qolgan raqiblarga qaraganda nisbatan cheklangan moliyaviy imkoniyat va tarkib bilan Samarqand klubi chindan kutilmaganda oliy divizionga qaytdi. Tribuna.uz «Dinamo» sardori Obid Jo‘raboyev bilan suhbat uyushtirdi.
Keyingi mavsumda 36 yoshda bo‘ladigan Jo‘raboyev markaziy himoyada o‘ynaydi. U o‘zbek futbolida 15 yildan buyon faoliyat yuritadi va bu vaqt davomida ko‘p jamoalarda o‘ynadi. Namangan futboli vakili bo‘lgan Jo‘raboyev «Lokomotiv», «Qizilqum», «Sho‘rtan», «Olmaliq», «Andijon», «Navbahor» kabi jamoalarda o‘ynagan. «Dinamo»da esa chinakam yetakchiga aylandi. O‘zining aytishicha, faoliyati yakunida bunaqa hurmatga ega bo‘lishini kutmagan.
«Bizga ko‘pchilik ishonmagandi»

Futbolchi mavsum avvalida «Dinamo»ga ko‘pchilik ishonmaganiga qaramay, jamoa o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani qanday uddalaganini aytib berdi: «Ha, bizga ko‘pchilik ishonmadi, hamma «Buxoro» va «Neftchi» chiqadi, degandi. Lekin Hakim Fuzaylov bizni bir oilaga aylantira oldi. Tarkibimizda yulduz futbolchilar bo‘lmasa-da, mehnatkash yigitlar yig‘ildi. Murabbiy doim shu haqda gapirardi, menga maydonga mehnat qiladigan yigitlar kerak, derdi. Mavsum davomida o‘yinimizni topib olib, musobaqa tugashiga uch tur qolganda vazifani bajardik. Ha, bizda moliyaviy imkoniyat yaxshi bo‘lmasa-da, barchani sevimli mashg‘ulot – futbol o‘ynash xohishi birlashtirdi», deydi samarqandliklar sardori.

Futbolchi Hakim Fuzaylov va o‘zining Samarqandda boshqacha hurmat topgani haqida ham takror-takror gapirdi: «15 yildan buyon yuqori divizionlarda futbol o‘ynayman. Oldin moliyaviy jihatdan kuchli jamoalarda o‘ynadim, lekin faoliyatim yakunida bunday yaxshi murabbiy bilan ishlashni, bunday hurmat topishimni o‘ylamagandim. Fuzaylov biroz nazardan qolgan bo‘lishi mumkin, lekin bizga uning tajribasi yordam berdi. Axir u «Lokomotiv»da qanday ishlaganini eslang», deydi himoyachi.




















