Albatta, ularga nisbatan bu nohaqlik bo‘lar edi.
Unda nega Samarqandda jinsiy zo‘ravonlikka uchragan va homilador bo‘lib qolgan maktab o‘quvchisi voqeasida maktabning direktori, uning ikki o‘rinbosari, yoshlar yetakchisi, psixolog, sinf rahbari – jami 6 kishini ishdan olish uchun arizalar yozdirildi?
13 yoshli o‘quvchi qiz maktabdagi muhit yomonligi tufayli jinoyatga qo‘l urgani yo‘q. Yoki qizning nomusiga maktabda, o‘qish chog‘ida tegilmagan. Qizaloq o‘z uyida, onasining jazmani tomonidan tahqirlangan.
O‘quvchi qizning homilasi 23-24 haftalik deyilyapti. Tibbiyot nuqtayi nazaridan, unga nisbatan tajovuz kamida iyun oylarida sodir bo‘lganini anglatadi. Qo‘pol bo‘lsa ham aytish kerak: o‘zining hikoya qilib berishicha, bu ish onasi va akasi yotgan xonada tunlari muttasil ro‘y bergan.
Xo‘p, nega unda maktab mutasaddilari jazolanmoqda? Maktabdagi o‘qituvchilar yozgi ta'til chog‘ida 2200 dan ziyod o‘quvchining qay birini ketidan kuzatib yura oladi? Yo o‘qituvchilar tunda har bir o‘quvchisining tepasida o‘tirishi kerakmi?
Kecha men samarqandlik adib va mustaqil jurnalist Karimberdi To‘ramurodov bilan 63-maktabda bo‘lganimda viloyat xalq ta'limi boshqarmasi va shahar xalq ta'limi bo‘limi mutasaddilari tomonidan uch o‘qituvchiga ariza yozdirilayotganining ustidan chiqdik.
Aytishlaricha, biz mahallaga ketganimizdan so‘ng direktor ham ishdan bo‘shash uchun ariza yozishga majburlangan.
Iye, bu qanaqasi bo‘ldi? Bu adolatdanmi? Ishdan olishdan oldin “hayfsan” yoinki jarima qo‘llash kabi intizomiy jazolar ham bor edi, shekilli.
Azaldan paxta tergan ham, ko‘cha supurgan ham, qurilishlarda ishlatilgan ham, turli kerak-nokerak tadbirlarda bel bog‘lagan o‘qituvchi bo‘lib kelgan edi. Eng oson va eng qulay jazolanadigan kasb egalari o‘qituvchilar, chunki har doim “yomonning kuchi yapaloqqa yetgan”.
Voqea qay tarzda yuz bergani barchaga ayon bo‘lib bo‘ldi – nima ish bo‘lgan bo‘lsa, bolaning uyida, uning oila-a'zolari ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan. Shunday ekan, aslida maktabdan ko‘ra mahallaning mas'uliyati ko‘proq emasmi bu masalada? Ichki ishlar idoralari nosog‘lom oilada tarbiya topayotgan bolalarning xavfsizligini ta'minlash uchun mas'ul emasmi?
Qizning onasi ichkilikka ruju qo‘ygani rost. Oila nobop. Mahalladagilar buni bilgan. Mahalla raisi va profilaktika inspektorining ham hammasidan xabari bo‘lgan. Ular turli dalolatnomalar tuzishgan, voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyasiga arizalar yozishgan.










