O‘zbekiston | 11:44 / 28.11.2021
13216
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Ashxobodda Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muzokara o‘tkazdi

O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari kelishuvlar ijrosining borishini ko‘rib chiqdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Ashxobod shahriga bordi.

Ashxobod aeroportida davlat rahbarini Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov kutib oldi.

Shundan so‘ng ikki mamlakat yetakchilari muzokara o‘tkazdi.

Suhbat avvalida O‘zbekiston prezidenti Turkmaniston rahbari va birodar turkman xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayram – Betaraflik kuni bilan samimiy qutladi.

Ikki tomonlama yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Joriy yil oktabr oyida oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq savdo-iqtisodiy hamkorlik borasidagi qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e'tibor qaratildi.

Xalqaro kun tartibi va ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi. O‘zbekiston prezidenti Turkmanistonning IHTdagi sermahsul raisligini yuksak baholadi va Ashxobod sammiti muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.

So‘ng tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi. Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

Ma'lumot uchun, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) mintaqaviy ko‘p tomonlama tuzilma bo‘lib, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi yaqin savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida 1985 yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda tashkilotga O‘zbekiston, Turkiya, Eron, Pokiston, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston a'zo. O‘zbekiston IHTga 1992 yilda qo‘shilgan.

Tadbir kun tartibidan savdo, investitsiyalar, «yashil» iqtisodiyot va innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, transport, logistika, turizm va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari o‘rin olgan.

Mavzuga oid