Yosin Odil Afg‘oniston poytaxti Kobul shahrida yashaydi. U avgust oyida Kun.uz'ga bergan intervyusida “Tolibon” hokimiyatga kelishi sabab qizlarining taqdiridan xavotirda ekani haqida so‘zlab bergandi. “Qizlarimni yashirib o‘tiribman, yozug‘imiz nima, bilmayman”, degandi o‘shanda u. Oradan uch oy o‘tib, hozirgi vaziyat haqida bilish uchun yana Kobul bilan bog‘landik.
— Yosin aka, o‘tgan galgi suhbatimizda qizlaringizni ko‘chaga chiqarmay yashirib o‘tirganingiz, onangiz og‘ir ahvolda ekanini aytgandingiz.
— Qizlarimni boshqa viloyatga olib borib qo‘ydim, tez-tez xabar olib turibman, Xudoga shukr, ancha xotirjam bo‘ldim bu masalada. Lekin onamning ahvoli og‘ir, tez-tez komaga tushib qolyapti, keksalikda... Men o‘zim Allohga tavakkal qilib Kobulda, onamning yonida o‘tiribman. Afsuski, niyatimizga yeta olmadik, biror xorijiy davlatga chiqolmadik.

— Kobuldagi bugungi vaziyat haqida gapirsangiz.
— Bir jihatga shukr qilaman – xudkushlar sezilarli kamaydi. Oldin ko‘chada o‘zini sal boshqacha tutgan odamning oldidan qochardik, ba'zan har soatda portlashlar eshitilib turardi. Bugun shu holat yo‘q, bu jihatdan xotirjammiz. Lekin ko‘chalarda o‘g‘ri-kissovurlar haddan ortiq ko‘paydi. Bir tomondan huquq-tartibot organlari hali to‘laqonli ishlay olmayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan ilojsizlik, qashshoqlik va hatto ochlik odamlarni shunga majbur qilmoqda.

— Mana shu nuqtada kengroq to‘xtalsangiz. Bugungi narx-navo qanaqa, afg‘oniy kursi bo‘yicha vaziyat-chi?
— Afsuski, vaziyat jiddiy. Bundan 4 oy avval dollarga nisbatan afg‘oniy kursi 65-67 atrofida bo‘lgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 100 ga yaqinlashib qoldi va oshishda davom etyapti. Narx-navo ham keskin yuqorilayapti. Bir kilo go‘sht 350 afg‘oniy edi, hozir 500 atrofida. Oldin 250 grammlik nonni 10 afg‘oniyga olgan bo‘lsak, bugun aksariyat nonvoylar vaziyatdan chiqishning antiqa usulini qo‘llashyapti – narx o‘sha-o‘sha, lekin vazn 120 grammga tushdi.


















