O‘zbekiston | 13:28 / 29.11.2021
68421
2 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy tarmoqdagi shov-shuv: O‘zMU talaba qizlari nega banner ko‘tarishdi?

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Milliy Universiteti qizlari universitet binosi oldida zo‘ravonlikka qarshi turli shiorlar yozilgan bannerlarni ko‘tarib turgan suratlar tarqaldi. Bannerlarga «Ayolning o‘rni oshxonada emas», «Ayol ham shaxs» kabi so‘zlar yozilgan. Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Foto: O‘zMU axborot xizmati

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Milliy Universiteti talaba qizlari ekanligi aytilgan bir guruh qizlar universitet binosi oldida «miting» o‘tkazgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Turli telegram kanallari «Milliy Universitet qizlari milliylikka qarshi miting o‘tkazibdi», kabi xabarlar qoldirdi. Shuningdek, tarmoqlarda qizlarning «miting o‘tkazgani» iddao qilingan postlar ham joylandi.

Ayrim blogerlar qizlarning tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi haqida yozdi.

Kun.uz voqeaga oydinlik kiritish maqsadida O‘zMU matbuot xizmati bilan bog‘landi.

«2021 yilning 24 noyabr kuni «Birgalikda zo‘ravonlikni yengamiz» xalqaro forumida Saida Mirziyoyeva, Tanzila Norboyeva va boshqa davlat faollari «Zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol sa'y-harakatlar» kampaniyasining 25 noyabrda boshlanishi haqida ma'lumot berishdi.

Shu munosabat bilan 2021 yil 25 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti «Ijtimoiy ish» kafedrasi professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan «Zo‘ravonlikka qarshi birgalikda kurashamiz» shiori ostida tadbir o‘tkazildi», — dedi axborot xizmati rahbari Sitora Nasrillayeva.

Uning qo‘shimcha qilishicha, tarmoqda tarqalgan plakatlar ayni shu tadbirda talabalarga tarqatilgan.

«Tadbirda talabalar ishtirokida mavzuga oid fleshmoblar tashkillashtirildi, devoriy gazetalar, videoroliklar namoyish etildi, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning u yoki bu ko‘rinishi uchun qonunda belgilangan jazolar haqida atroflicha ma'lumot berildi. Shuningdek, «Zo‘ravonlikka yo‘l yo‘q» rukni ostida plakatlar va tarqatma materiallar tayyorlandi va talabalarga tarqatildi», — dedi S.Nasrillayeva.

Mavzuga oid