O‘zbekiston | 10:35 / 29.11.2021
4016
2 daqiqa o‘qiladi

Urganchda kurash bo‘yicha Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan musobaqa yakunlandi

Xorazm viloyati, Urganch shahrida yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan Markaziy Osiyo xalqaro kurash turniri o‘tkazildi.

Foto: Xorazm viloyati hokimligi

Musobaqa «Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori ijrosi doirasida, 26-28 noyabr kunlari tashkil qilindi. Unda Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘istondan 30 ga yaqin, O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan 200 ga yaqin polvon kurash gilamiga chiqdi. Erkaklar 6 ta vazn toifasida, ayollar 4 ta vazn toifasida g‘oliblik uchun kurashdilar.

Turnir o‘zbekistonlik sportchilarning yaqqol ustunligi ostida o‘tdi. Ular 10 ta oltin, 10 ta kumush, 18 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladilar. Tojikiston va Qozog‘iston kurashchilar 1 tadan bronza medalini qo‘lga kiritishdi.

Oltin medal qo‘lga kiritgan sportchilar – Xurshid Choriyev (-55 kg), Mirfayz Bahriddinov (-66 kg), Alimardon Abdulaxatov (-73 kg), Abdulaziz Abdulazizov (-81 kg), Jahongir Mamatrahimov (-90 kg), Muhammadqodir Mansurov (+90 kg), Sitora Elmurodova (-52 kg), Olya Hamidova (-63 kg), Shahnoza Bozorova (-70 kg), Pokizaxon Kamoliddinova (+70 kg).

O‘zbekiston milliy jamoasi tarkibida ishtirok etgan xorazmlik sportchilar 1 ta kumush va 9 ta bronza medaliga ega bo‘lishdi. Kurash federatsiyasining Xorazm viloyat bo‘limiga esa «Damas» rusumli avtomashina sovg‘a qilindi.

Mavzuga oid