2022 yilda “Tashabbusli budjet”ga oid kutilayotgan muhim o‘zgarishlar borasida Moliya vazirligi departament boshlig‘i Sherzod Muhammedov Kun.uz'ga gapirib berdi.

— Kelayotgan yilda “Tashabbusli budjet”ga qancha mablag‘ ajratiladi?
— 2022 yilda ushbu maqsadlar uchun yo‘naltiriladigan mablag‘lar miqdori 4 barobarga oshirildi. Ya'ni joriy yilda 400 milliarddan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lsa, kelgusida tuman, shahar tasdiqlanadigan budjetlarining 5 foizi sarflanadi. Ushbu mablag‘larning o‘zi ham 1,5 trln so‘mdan ortiqroq bo‘ladi. Bundan tashqari, tuman va shahar budjetlarining qo‘shimcha manbalarining 30 foizi ham tashabbusli budjet uchun yo‘naltiriladi. Joriy yilda 1600dan ortiq taklifni moliyalashtirish imkoni yaratilgan bo‘lsa, kelgusi yilda 4-5 barobar ko‘proq takliflarni moliyalashtirish imkoniyati yaratiladi.
— “Tashabbusli budjet” 2022 yilda qaysi vaqtlarda o‘tkaziladi?
— Kelgusi yilda “Tashabbusli budjet” ikki marta o‘tkaziladi. Birinchisi, 2 fevraldan 2 martgacha, ya'ni 30 kun davomida. Ikkinchisi, 15 iyuldan 15 avgustgacha bo‘lib o‘tadi. Ushbu bir oylik muddatda fuqarolarimiz faqat taklif kiritadi. Ular taklif kiritgandan so‘ng bevosita 15 kun davomida bu takliflar saralanadi va 20 kun ichida fuqarolar o‘z takliflariga ovoz yig‘ishi mumkin bo‘ladi.
— Loyiha ilk marta amalga oshirilganda, tizimdan ro‘yxatdan o‘tish qiyinchilik tug‘dirishi haqida e'tirozlar ham bo‘ldi. Kelgusi yilda buni soddalashtirish haqida o‘ylanganmi?
— Bu bo‘yicha bizda dastlab One ID tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tish yo‘lga qo‘yilgandi, jarayonni soddalashtirish uchun biz fuqarolarimizdan faqat telefon raqamlariga bog‘langan holda ro‘yxatdan o‘tish tizimini joriy qildik. Ya'ni anonim takliflar yoki sun'iy tarzda ovozlarning ko‘payib ketishi oldini olish maqsadida fuqarolarimizning telefon raqamlariga bog‘lagan holda ro‘yxatdan o‘tish va ovoz berish jarayonini yo‘lga qo‘ydik. Bu qanaqa? Ya'ni bir fuqaroda bitta jarayonda bitta taklif kiritish imkoniyati mavjud bo‘ladi va barcha fuqarolar faqat bitta taklifga ovoz berish imkoni mavjud. Agar biz telefon raqami orqali nazoratni olib tashlaydigan bo‘lsak, bir fuqaro yuzlab takliflarni kiritishi yoki ovoz berishi mumkin bo‘ladi. Bu bevosita adolatsizlik, adolat prinsipidan kelib chiqib bir fuqaro bir marta taklif kiritish va ovoz berish jarayonini yo‘lga qo‘ydik.






