— Muqimjon aka, O‘zbekistonda bugun ham davlat xizmatining jozibador emasligi og‘ir muammo. Unga deyarli ko‘p holatda OTMni “3”ga bitirganlar boradi. Kuchli kadrlar yo xususiy sektorga ketadi, yo chet elga. Yoki magistraturadagi o‘qishini davom ettiradi.

Sizningcha, muammo yuqori rahbariyatda qanchalik tushunilyapti? Shuningdek, davlat xizmatlariga haqiqatda kuchli kadrlarni jalb qilish borasida qanday tashabbuslar qilinishi zarur?

 Davlat xizmati shunday bir sohaki, u kimgadir jozibador, kimgadir jozibasiz. Bu holat, albatta, davlat xizmatini turi, undagi davlat xizmatchisining kasbiy va intellektual darajasiga bog‘liq. To‘g‘ri, davlat xizmatida OTMda “3” bahoga o‘qigan davlat xizmatchilarini ham uchratish mumkin. Ma'lumki, hokimiyatga intilish insonning o‘z ahamiyati va qadriyatlarini ro‘yobga chiqarish ehtiyojlaridan kelib chiqadi. Shu bilan birga, tarixdan ma'lum, ko‘plab daholar hokimiyatga intilib va uni tasarruf etib jahonga mashhur bo‘lgan. Taniqli psixolog olimlar Zigmund Freyd va Erix Frommlar fikricha, ko‘pincha insonlar o‘z norasoligini to‘ldirish (kompensatsiyalash) maqsadida hokimiyatga intiladi.

Demak, hokimiyatga intilish ikki xil xulqqa ega bo‘lgan insonlar uchun xos. Transformatsiya jarayonidagi jamiyatlarda noraso odamlarning hokimiyatni egallashi uchun qulay muhitlar yaratiladi. Ziyoli, intellektuallik darajasi yuqori bo‘lgan insonlar qadriyatlarga kuchli darajada berilgani uchun hokimiyatga intilishni o‘zining oliy maqsadi deb bilmaydi. Shu tufayli, bu bo‘shliqni ba'zan noraso insonlar to‘ldirishga intiladi.

Qolaversa, o‘tish davrini o‘z boshidan kechirayotgan mamlakatlarda davlat xizmatida shaxslarning karera qilish istiqboli ancha mavhum bo‘lgani, boshqaruv mexanizmlari va siyosiy tizim to‘liq takomillashmagani uchun ham hokimiyatga intilish ko‘pchilikni, ayniqsa ziyolilarni unchalik qiziqtirmaydi. Lekin hokimiyat ziyoli va intellektual shaxslar qo‘lida bo‘lmasa, uning samarasi kam bo‘ladi, jamiyat va davlat rivojlanishi sekinlashadi. Shuning uchun Fridrix fon Xayyek o‘zining “Qullik sari yo‘l” asarida “hokimiyat intellektuallik bilan uyg‘unlashmasa, nafaqat demokratiyani, balki adolatni ham amalga oshirib bo‘lmaydi”, deb yozganida ming bora haq edi.

Afsuski, hozir ham anchagina tashkilotlar, korxonalar va ta'lim maskanlari rahbarlari avtoritar boshqaruv usullaridan foydalanadi. Ular yuqori boshqaruv organlariga “yumshoq supurgidek” ko‘rinishga urinadi, yuqoriga “quldek sadoqatini”ni kompensatsiya qilish uchun o‘z qo‘li ostidagilar huquq va erkinliklarini poymol qiladi, o‘zi rahbarlik qilayotgan tashkilotni go‘yoki o‘z otasidan qolgan merosday his qiladi. Boshqacha aytganda, xulqi tushkunlikka uchragan mansabdor shaxs yakkahokimlik boshqaruv usuli vositasida o‘z ruhiyatini yaxshilashga urinadi.