«Oltin to‘p» hamisha boshqa har qanday mukofot kabi sub'yektiv bo‘lgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi — g‘olibni oddiy odamlar aniqlashadi: butun dunyodagi 180 nafar jurnalist o‘z beshligini tuzadi, bu bilan tanlov optimalga yaqinlashishi mumkin, ammo u baribir sub'yektiv bo‘lib qoladi, natija esa — bahsli bo‘lib qolaveradi.

Bu safar ko‘p vaqtdan buyon ilk marta triumfator oxirgi daqiqalargacha aniq emasdi — France Football nihoyat ma'lumotlar sizdirilishining oldini oldi va yaqqol favorit ajralib qolmadi. Asosiy da'vogarlar ikkita edi: Robert Levandovski va Lionel Messi.

Mukofotni nega aynan argentinalik futbolchi qo‘lga kiritdi? Javob oddiy: chunki 180 kishi shunday qaror qilgan. Ular nega bunday qaror qilishdi? Murakkablik shu yerda boshlanadi.

France Football respondentlarga beshlikni tanlashda quyidagi uch mezonga asoslanishni tavsiya etadi:

  1. Futbolchining yil davomidagi individual va jamoviy ishtiroki.
  2. Futbolchining klassi (talant va halol o‘yin).
  3. Futbolchining karerasi.

Messi birinchi kriteriya bo‘yicha yilni qanday o‘tkazdi? Individual ko‘rsatkichlar: 41 gol, 17 golli uzatma, Amerika Kubogining eng yaxshi o‘yinchisi va to‘purari. Jamoaviy: Ispaniya va Amerika Kubogi. Levandovski yilni qanday o‘tkazdi? 64 gol, 10 golli uzatma, «Oltin butsa», bundesliga mavsumida urilgan gollar soni bo‘yicha yangi rekord ; chempionat g‘olibligi, Germaniya Superkubogi, shuningdek, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati.

Birinchi mezon bo‘yicha aniq parallellar o‘tkazish mumkin, keyingilari bo‘yicha esa vaziyat murakkab. Messi va Levandovskini saviya borasida solishtirish mumkin. Talant bo‘yicha-chi? Argentinalik futbolchini ko‘pchilik dunyodagi eng iste'dodli futbolchi deb biladi, ammo bu xulosa uchun yetarli emas. Halol o‘yin-chi? Bu borada Messining zarariga ishlaydigan bir epizod bor: Ispaniya Superkubogi uchun «Atletik»ka qarshi yanvarda o‘tkazilgan o‘yinda u ikki qo‘li bilan raqibni urgan va buning uchun qizil kartochka olgandi. Levandovskida esa bunday holatlar kuzatilmagan, u bundesligada to‘purarlik bo‘yicha Gerd Myullerning rekordini takrorlaganida unga hurmat bajo keltirgandi.

Uchinchi mezon bo‘yicha aytish mumkinki, Levandovskida ham, Messida ham ajoyib karera bor.

Ko‘p ehtimol bilan Leoning g‘alabasiga ikki omil ta'sir ko‘rsatgan: ovoz beruvchilarning sentimentalligi va vaqt. Ko‘plab jurnalistlar Messi Argentina bilan nimadir yutishini istashardi. Nihoyat shu yil yozda u buni uddaladi, Amerika Kubogida to‘purar ham bo‘ldi (kolumbiyalik Luis Dias kabi 4ta gol urdi, shuningdek, 5 pasga muallif bo‘ldi). Aftidan, aynan o‘shandayoq «Oltin to‘p» taqdiri ham hal bo‘lgandi. Ammo ovoz berish ancha ertaroq bo‘lib o‘tgani ham ta'sir ko‘rsatgan: jurnalistlar o‘z beshligini 24 oktyabrgacha yuborishi kerak edi, ya'ni bu vaqtda turnir xotiralari hali yangi bo‘lgan.