12:33 / 01.12.2021
12406

Moliya vazirligi UzAuto Motors to‘lagan soliqlar haqida ma'lumot berdi

2022 yilda kompaniya to‘laydigan soliqlar budjet tushumlarining 0,7 foizini tashkil qiladi. Vazirlik UzAuto faqat respublika ichidagi soliqlar bilan cheklanmasligini ma'lum qilgan.

Foto: Kun.uz

Moliya vazirligi yirik soliq to‘lovchilar to‘laydigan soliqlar xususida qo‘shimcha ma'lumot berdi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, “Fuqarolar uchun budjet”da ko‘rsatib o‘tilgan yirik soliq to‘lovchilar, faqat respublika ichida to‘laydigan soliqlari bo‘yicha ro‘yxat qilingan bo‘lib, bu to‘lovlar tarkibiga respublika hududiga olib kiriladigan tovarlar uchun to‘lanadigan bojxona to‘lovlari kiritilmagan.

Shuningdek, Moliya vazirligi kompaniya 2020-2021 yillarda to‘lagan soliqlar haqida ma'lumot berdi:

  • 2020 yilda UzAuto Motors AJ tomonidan davlat budjetiga jami 1,3 trln so‘m soliq va boshqa majburiy to‘lovlar (tovarlar importi uchun to‘lovlar bundan mustasno) to‘langan. Jami davlat budjeti daromadlaridagi salmog‘i 0,98 foizni tashkil qilgan;
  • Shu bilan birga, tovarlar importi uchun to‘langan bojxona to‘lovlari 2,3 trln so‘mni tashkil qilgan;
  • Joriy yilning yanvar-oktyabr oylari mobaynidagi budjetga to‘lovlar 751,5 mlrd so‘mni tashkil etib, yil yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkich 950 mlrd so‘mga yetishi kutilmoqda, davlat budjetining umumiy daromadlari kutilayotgan miqdorida 0,56 foizni tashkil qiladi;
  • Bundan tashqari, import qilingan tovarlari uchun shu davrda to‘langan bojxona to‘lovlari 2 376,2 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2022 yilda ularning eng yiriklarining davlat budjeti tushumlaridagi ulushi haqida ma'lumot berilgandi. UzAuto Motors ham 10ta yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxatiga kiritilgan. Ro‘yxatda eng ko‘p soliq to‘lovchi sifatida «Navoiy kon-metallurgiya kombinati»ni ko‘rish mumkin, kelgusi yil uning budjetdagi ulushi 17,82 foiz deb prognoz qilinmoqda.

Ma'lumot uchun, 2021 yilning birinchi yarmida yirik soliq to‘lovchilar tomonidan to‘langan soliqlar jami soliq tushumlarining 66,2 foizini tashkil etgan. Ularning soni esa 1124taga yetgan.

Top