Har yillik emlanishlar zarurmi? 
Pfizer kompaniyasi rahbari, doktor Albert Burla BBC’ga bergan intervyusida odamlar bir necha yil davomida Covid-19’ga qarshi vaksinani har yili olishi talab etilishi mumkinligini ma'lum qildi.

Uning fikriga ko‘ra, bu «himoyaning yuqori darajasi»ni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur.

Pfizer bosh direktori emlanishlar ko‘p yillar davom etishini bashorat qilmoqda

Pfizer bosh direktori BBC’ga intervyuni Janubiy Afrikada «omikron» varianti aniqlanishidan oldin bergandi. Burlaning so‘zlariga ko‘ra, Pfizer «beta» va «delta» variantlariga javob tariqasida yangilangan vaksinalarni ishlab chiqqan, biroq ularga ehtiyoj bo‘lmagan.

Hozirda kompaniya «omikron»ga qarshi vaksina ustida ish olib bormoqda. Jarayon muvaffiyatli kechsa, yangi vaksina uch-to‘rt oydan keyin tayyor bo‘lishi mumkin.

Joriy yilda Pfizer koronavirusga qarshi vaksinlar savdosidan kamida 35 mlrd dollar oladi. Aksiyalari qiymati esa keskin o‘sdi. Biroq rivojlangan mamlakatlarda aholining ko‘p qismi vaksinaning kamida bitta dozasini olgan bo‘lsa, Afrikaning ayrim mamlakatlarida aholining 5 foizdan kam qismi emlangan.

Albert Burla foyda olayotgani uchun kechirim so‘rashi kerak deb hisoblamaydi – uning fikriga ko‘ra, oxir-oqibat millionlab kishilar hayoti saqlab qolindi, muhimi ana shu.

«Biz jahon iqtisodiyotining trillionlab dollarini tejadik. Bu kelasi pandemiya oldidan innovatsiyalar uchun kuchli rag‘batdir», dedi u. 

Shuningdek, Burla Pfizer-BioNTech vaksinasini birinchi bo‘lib ma'qullagan Buyuk Britaniya kabi boy mamlakatlargina vaksinalarga birinchi bo‘lib buyurtma berganiini ta'kidlab, spekulyatsiya borasidagi ayblovlarni rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qashshoq mamlakatlarga vaksina o‘z narxida yetkazib berilgan.

… yoki yo‘qmi?

Buyuk Britaniya emlash va immunizatsiya bo‘yicha birlashgan qo‘mitasi a'zosi professor Adam Finn BBC’ga bergan intervyusida Covid-19’ga qarshi har yillik buster vaksinalar zaruriyati olimlarda hali ham shubha uyg‘otayotganini ma'lum qildi.