“Hozirda hech kimga sir emaski, O‘zbekiston – haydovchilik huquqini olish eng oson bo‘lgan davlatlardan biri. Bu osonlik ko‘proq korrupsiya ustiga qurilgan tizim tufayli. Bu xuddi institutga kirgan har bir talaba o‘qisa ham, o‘qimasa ham yakunda albatta diplom olishiga o‘xshaydi. Imtihonga kirganlar yakunda albatta haydovchilik guvohnomasini oladi, haydashni bilgan yoki bilmaganidan qat'i nazar.
Bu esa imtihonGAChA va imtihondan KeYINgi quyidagi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi:
Imtihongacha – avtomaktablarning asosiy raqobati sifat uchun emas, faqat narx va odatda GAI bilan “o‘rtakashlik”ka qarab shakllangan.
Imtihondan keyin – malakasiz haydovchilar tufayli yo‘llarda avtohalokatlar va asabbuzarliklar ko‘p.
Agar haydovchilik imtihonlari shaffof va korrupsiyadan xoli bo‘lsa, ya'ni pul yoki tanish-bilish orqali “prava” olishni imkoni bo‘lmasa, avtomaktablar bozori sifat bosqichiga chiqadi. Endi avtomaktablar qanchalik “reshala” ekanligi bilan emas, balki o‘quvchilarini qanchalik yaxshi o‘qitib, imtihondan o‘tkazayotgani bilan maqtanishni boshlaydilar. Bu esa o‘z-o‘zidan yo‘llarda malakali va madaniyatli haydovchilar soni ko‘payishiga olib keladi.
Xavotirlar nimada?
Eng qizig‘i xabar so‘ngida YHXBB avtomaktablar ma'muriyatiga murojaat qilib, o‘z o‘quvchilariga yo‘l harakati qoidalarini puxta o‘rgatib, haydovchilik huquqini olish masalasiga mas'uliyat bilan jiddiy e'tibor qaratishlarini so‘radi. Nega bo‘lg‘usi haydovchilarga emas, aynan avtomaktablarga murojaat qilindi?
Sababi oddiy.
Agar imtihon tizimi shaffoflashsa, o‘z-o‘zidan juda ko‘pchilik imtihondan yiqilishni boshlaydi. Xorijdagi tanishlarimizdan ko‘p eshitganmiz, agar yetarli malakasi bo‘lmasa, kerak bo‘lsa 10 martalab imtihon topshiradi, arzimagan xatolar uchun ham yiqiladi.
Endi tasavvur qiling, bizda ham ommaviy imtihondan yiqilishlar boshlansa, aholining katta e'tirozi avtomaktablarga qaratiladi. Yaxshi o‘qitmaganligidan, yoki boshidagi "va'dalari" bajarilmaganidan shikoyat qilishadi. Natijada yangi imtihon markazlariga nisbatan “avvalgi tizim yaxshi edi” degan mazmunda turli provokatsiyalar ham bo‘lishi mumkin. Chunki sifatli o‘qitish oson va arzon emas, ayrimlarga undan ko‘ra avvalgidek kelishib yashagan ma'qul ko‘rinadi.
Shu sababli YHXBB avtomaktablarni oldindan ogohlantirmoqda: o‘quvchilarni hozirda yaxshilab o‘qit, ertaga qiynalib yurma, degandek.









