Yangi davrda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga tashqi mehnat migratsiyasi bo‘yicha ko‘plab vazifalar yuklatilgan. Vazirlik xorijda ishlash istagidagi vatandoshlarni bunga tayyorlash va o‘qitish, ularni tashkillashtirilgan holda ishga jo‘natish hamda huquqiy himoya qilishga mas'ul.

Bundan tashqari, bu vazirlikka o‘z tuzilmasidagi agentlik orqali vatandoshlarning tashqi mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish vazifasi ham topshirilgan.

Kun.uz mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov bilan intervyu tashkil etdi.

Tashqi mehnat migratsiyasi yo‘nalishidagi “Yo‘l xaritalari” ijrosi haqida

— 2021 yil 10 oyida “Yo‘l xaritalari” asosida 50 ming fuqarodan 45,2 ming nafari o‘qitilib, shundan 43 mingi (25 turdan ortiq) kasb-hunarga va 2,2 ming kishi chet tillarini (rus, ingliz, koreys, yapon va boshqalar) o‘rganishga jalb qilindi. 115 ming kishidan 92,1 ming fuqaro xorijda tashkiliy tartibda ishga joylashtirildi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga (3383 ta) nisbatan 88,7 mingtaga yoki 27 baravarga o‘sgan.

Xorijga ishlash uchun ketayotgan 27 191 mehnat migrantining hayoti va sog‘lig‘i sug‘urta qilindi, 640 kishiga xorijga ketish va ishga joylashish uchun mikroqarzlar berildi hamda 2629 fuqaroga ishlash ruxsatnomasi rasmiylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatildi.

Xorijda ishlayotgan 314,1 ming mehnat migrantiga huquqiy, moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatilib, ularning 892,1 ming AQSh dollari miqdoridagi ish haqlari ish beruvchilardan undirib berildi. Boshpanasiz qolgan 308 mehnat migranti vaqtincha yashash joylari (xostel) bilan ta'minlandi, og‘ir vaziyatga tushib qolgan 302 kishi, shuningdek, turli sabablar bois vafot etgan 408 fuqaro jasadi Vatanga qaytarib olib kelindi.

Shuningdek, tashqi mehnat migratsiyasining geografiyasini kengaytirish maqsadida Germaniya, Yaponiya, Slovakiya, Shveytsariya, Niderlandiya, Bolgariya, Latviya, Litva kabi 25ta davlat ish beruvchilari bilan 382ta hamkorlik shartnomalari tuzildi.

Xalqaro Migratsiya Tashkiloti bilan hamkorlik haqida

— XMT bilan hamkorlik mehnat migratsiyasini tartibga solishda, mehnat migrantlariga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytiradi.