O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga davlat tashrifi munosabati bilan “Kazaxstanskaya pravda” nashriga katta intervyu berdi.

Davlat rahbari intervyuda Qozog‘iston va O‘zbekiston munosabatlari, Markaziy Osiyo davlatlarining siyosiy yaqinlashuvi, Orol muammosi va Afg‘onistondagi vaziyat haqida fikr bildirdi.

Kun.uz ushbu intervyuni ba’zi qisqartirishlar bilan taqdim qiladi.

Qozog‘istonga tashrifdan kutilayotgan natijalar va maqsadlar haqida

— Tashrif kun tartibidan siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, hamkorlikni kengaytirish, jumladan, ikki mamlakat hududlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish, turli sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, madaniy-gumanitar hamkorlikni faollashtirish masalalari o‘rin olgan.

Shu bilan birga, umumiy chaqiriq va tahdidlarga qarshi kurashishda sheriklikni mustahkamlashga oid muhim hujjatlar qabul qilinadi.

O‘zbekiston–Qozog‘iston iqtisodiy hamkorligi haqida

— O‘zbekiston va Qozog‘iston tabiiy iqtisodiy sheriklar ekanini, iqtisodiyotlarimiz bir-birini to‘ldirishini alohida ta’kidlamoqchiman. Mamlakatlarimiz o‘zaro talab qilinadigan mahsulotlar turi va hajmini sezilarli darajada kengaytirish uchun yetarli salohiyatga ega.

Joriy yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 40 foizga oshdi va yil oxiriga qadar 4 milliard dollarga yetishi kutilmoqda – bu savdo aloqalarimiz uchun rekord ko‘rsatkichdir. Ammo bu real chegaradan ancha uzoq. Ikki davlat iqtisodiyotining salohiyatini inobatga olgan holda, kelajakda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazishni dadil maqsad qilib qo‘yishimiz kerak.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokida 1000 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ikki yildan ortiq vaqtdan beri mamlakatimizda Qozog‘iston Tenge banki faoliyat yuritib, hududlarda o‘z filiallari tarmog‘ini kengaytirmoqda.

Mamlakatlarimizning geostrategik pozitsiyasidan kelib chiqqan holda transport-logistika sohasi o‘zaro hamkorlikning muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Gap Uchquduq – Qizilo‘rda temir yo‘li qurilishi, shuningdek, Turkiston va Toshkent o‘rtasida tezyurar qatnov yo‘lga qo‘yilishi kabi muhim loyihalar haqida bormoqda.