Shu yilning 26 aprel kuni Bosh prokuraturaning 33 yashar xodimi Samir Rahmonov vafot etgan edi. Marhumning otasi o‘g‘lining voyaga yetmagan farzandlari boquvchisiz qolgani sababli qonun hujjatlarida belgilangan tovon puli berilishini so‘rab dastavval bosh prokuror nomiga xat bilan murojaat qilganini, biroq iltimosi bo‘yicha rad javobini olgach, Bosh prokuraturani sudga bergandi.
Samir Rahmonovning o‘limi bo‘yicha berilgan rasmiy xabarlarda uning yurak kasalligi borligi qayd etilgan. Marhumning otasi farzandi prokuratura tizimiga ishga kirganda sog‘lom bo‘lgani, kasalliklar esa uning so‘nggi uch yildagi faoliyati davomida orttirilganini, bunga Bosh prokuraturadagi ish vaqti tartibsizligi sabab bo‘lganini aytgandi.
“Hujjatlarda qayd etilishicha, farzandim klinikaga olib kelinganidan so‘ng, shifoxonada qazo qilgan. Men Bosh prokuraturaning ushbu xatti-harakatlaridan qattiq noroziman. Chunki Samirbek klinikaga olib kelingan vaqtda dalolatnoma tuzilgan va u 4 shifokor tomonidan imzolanib, bosh shifokor muhr bilan tasdiqlagan. Hujjatda shifoxonaga Bosh prokuraturadan o‘g‘limning jasadi olib kelingani ochiq-oydin yozib qo‘yilgan. Ya'ni farzandim shifoxonaga olib kelish jarayonida ham emas, balki Bosh prokuraturaning o‘zida, ish vaqtida, xizmat vazifasini bajarayotgan paytida vafot etgani ma'lum bo‘ldi.
Bosh prokuratura xodimlari IIV Markaziy poliklinikasida tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va shu yerda ro‘yxatda turadi. O‘g‘limning tibbiyot daftarchasini olib o‘rganganimda u yurak-qon tomir kasalliklari bo‘yicha doimiy ro‘yxatga olingani, bir necha marta kasal bo‘lib muolaja olgani, biroq oxirigacha davolanmasdan ishxonaga chaqirib olinganidan xabar topdim. O‘g‘limda bu kasallik so‘nggi uch yilda – Bosh prokuraturaning markaziy apparatidagi faoliyati davomida paydo bo‘lgan. Bu ma'lumotlarning hammasini sudga taqdim etganman”, – degan edi A'zam Rahmonov Kun.uz’ga bergan intervyusida.
Da'voni ko‘rib chiqqan fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2021 yil 17 sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan da'vogar – A'zamjon Rahmonovning javobgar – Bosh prokuraturaga nisbatan farzandi vafoti munosabati bilan ish joyidan nafaqa puli hamda ma'naviy zarar undirish to‘g‘risidagi da'vo va qo‘shimcha da'vo arizalari rad qilingandi. Shundan so‘ng da'vogar fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga FIB Mirobod tumanlararo sudining hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati kiritadi.
Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar berishicha, apellyatsiya shikoyatini 2021 yil 12 noyabr kuni Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'atida ko‘rish boshlangan va 6 dekabr kuni ishni ko‘rib chiqish yakunlangan.









