Soliq maslahatchisi, United Tax Advisors kompaniyasi asoschisi Murodjon Muhammedjanov MFaktor loyihasiga bergan intervyusida mantiqsiz soliq tekshiruvlari va soliq qonunchiligi sohasidagi muammolarga to‘xtalib o‘tdi.

«Soliq sohasida bizning tadbirkorlar uchun samarasi 0,01 foiz, ammo salbiy jihati 5-6 barobar yuqori hisoblanadigan o‘zgarishlar kutib turibdi. Masalan, hozirgi kunda E-aktiv, E-ijara kabi dasturlarni qilishmoqda. Qonunchilikka shunaqa takliflarni kiritib qo‘yishganki, soliq to‘lovchilar soliq organi tomonidan ishlab chiqiladigan dasturiy mahsulotni ishlatishi majburiy. Bu juda xavfli narsa va soliq to‘lovchilarni xohlaganimcha, xohlagan joyimga buraman degan g‘oyaga o‘xshaydi. Bu kabi yangiliklarni salbiy emotsiyalar bilan kutib olmaslikning imkoni yo‘q», deydi u.
Kameral tekshiruv o‘zi nima?
Soliq maslahatchisining qo‘shimcha qilishicha, tadbirkorlar xuddi yo‘l qoidalarini bilmay, harakat qilayotgan haydovchiga o‘xshab qolgan.
«Kameral tekshiruv Soliq qo‘mitasining xatarlarni tahlil qilish dasturidagi qizil, sariq, yashil yo‘laklarning qay biriga mos kelishiga qarab, xatarli yo‘lakka tushgan tadbirkorlarda o‘tkaziladi va soliq to‘lovchining soliq to‘lamaslik riski analiz qilinadi. Unda tadbirkorlik sub'yekti hisobotlari, tovar aylanmasi kabi moliyaviy va huquqiy harakatlari tahlil qilinadi va tadbirkor 3ta yo‘lakdan bittasiga tushiriladi. Shubhali yo‘lakka tushgan tadbirkorlik sub'yektlari kameral ya'ni to‘liq tekshiruv o‘tkazilishi uchun belgilab olinadi.
Bu yo‘laklarga bo‘linishda yuzdan ortiq parametrlar inobatga olinadi. Siz hisob fondingizni o‘zgartirsangiz yoki bir yilda bir martadan ortiq qayta hisobot kiritsangiz ham sariq yo‘lakka tushishingiz mumkin. Lekin soliq organlari nima qilsa qizil yo‘lakka, nima qilsa sariq yo‘lakka tushish bo‘yicha ishlab chiqqan qoidalarini tadbirkorga taqdim qilmagan. Bu ma'lumotlar yopiq hisoblanadi. Tadbirkor xuddi yo‘l qoidalarini bilmay harakat qilayotgan haydovchiga o‘xshaydi.
Qachon men riskka tushaman degan narsani hech qaysi tadbirkor bilmaydi. Tasavvur qiling, ko‘r odamni dalaga chiqarib yuborib, unga mina borligini va bosib qo‘ysa, portlab ketishini aytyapsiz. Bu agar portlab ketsang o‘zing aybdorsan, bosib olding-ku, deganday gap.
Hamma o‘yin qoidasini bilishi kerak. Ayni paytda bu qoidalar yashirib qo‘yilgan. O‘ngga yursangiz ham, chapga yursangiz ham, to‘g‘riga yursangiz ham, orqaga yursangiz ham, to‘xtab qolsangiz ham, siz qoidabuzar bo‘lib qolyapsiz. Buning oqibatida nafaqat soliq organlariga, balki davlatga nisbatan ham ishonch so‘nadi.














