O‘zbekistonda futbol mavsumi rasman yakuniga yetib, Pro ligadan Superligaga «Neftchi», «Dinamo», «Olimpik», elitadan esa «Turon», «Andijon» va «Mash'al» quyi ligaga ravona bo‘ldi. Odatda, O‘zbekiston chempionatida moliyaviy jihatdan eng kam budjetli klub oxir-oqibat eng kuchsiz sifatida omadsiz chipta sohibiga aylanar, quyi ligadan esa eng puldor jamoa oliy tabaqaga yo‘l olardi. 2021 yilgi mavsumda bu an'ana qisman buzildi, deyishga asoslar yetarli.

Moliyaviy barqarorlik – ligada qolish garovi emas

Ha, xuddi shunday. O‘zbek futbolining so‘nggi dekadasi yoki 20 yillik tarixini titkilang, puli bor klub Oliy ligadan tushib qolgan emas – kamida «premiya»dan voz kechish evaziga yordam qo‘lini cho‘zishga doim tayyor «okalar» chempionatimizda bo‘lgan. Endi esa puldor jamoa boray desa na «choyxona» bor, na o‘sha «ma'danchilar» yo «traktorchi» yordamga kela olmaydi.

Superliga yakunlariga ko‘ra, «Turon», «Andijon» va «Mash'al» turnir bilan xayrlashishga majbur bo‘ldi. Afsuslanarli yagona jihat – Superligada xususiy maqomga ega ikki klub - «Turon» va «Andijon» hamda o‘zbek futbolida iqtidorlar fabrikasiga aylangan «Mash'al» ligada qololmadi.

Foto: Turon

Yaypan klubi qisqa tarixida Superligada ilk marta ishtirok etganiga qaramay, professionallik sari dadil qadam tashlayotgandi. Ammo Pro ligadan Superligaga chiqqach, elitada katta mablag‘ evaziga chaqirilgan nomdor o‘yinchilar o‘ynatilgani, mavsum davomida jamoa 5 nafar murabbiy qo‘lidan o‘tgani, oxir-oqibat yaypanliklarning ligani tark etishi bilan tugadi. «Turon» turnir jadvalida yaqqol autsayder bo‘lsa-da, moliyaviy jihat va hisob-kitoblarni o‘z vaqtida bajarishda namuna bo‘la oldi. Biroq pul jamoani ligada olib qola olmasligi ko‘rindi. Taqqoslash uchun, uzoqqa bormaymiz – Yaypan klubining qo‘shnisi «Qo‘qon-1912» «Turon»dan kamroq mablag‘ sarflagan holda 8-o‘rinni egallay oldi.

Foto: Andijon

Ligani tark etgan vodiyning yana bir jamoasi «Andijon» 2020 yilgi mavsum yakunida xususiy klubga aylanib, o‘tish o‘yinida «Neftchi»dan ustun kelgan holda elitadagi «propiska»sini saqlay olgandi. Bu yil esa jamoa deyarli yangilangan tarkibda to‘p surmasin, Otabek G‘ulomxo‘jayevdan keyin qutqaruvchi rolida Yorqin Nazarov, Viktor Kumikov singari tajribali murabbiylarni chaqirmasin, hech kim jamoani quyi ligaga tushib ketishdan qutqara olmadi. Shunga qaramay, xususiy klubning egalari professionallikka intilayotgani, autsayderga aylangan jamoani moliyalashtirishda davom etib, bir yildayoq elitaga qaytishga va'da berayotgani quvonarli. Har holda xususiy sektorning futboldan ko‘ngli soviganda jamoani tashlab qo‘yish holatini uzoq emas, shu yilning o‘zida «Istiqlol» va «Oqtepa» misolida ko‘rdik.