Ispaniya: «Barsa» cho‘kmoqda

«Osasuna» — «Barselona» — 2:2 (David Garsiya, 14. Avila, 86 — Niko Gonsales, 12. Ezzalzuli, 49)

Aftidan, Xavi inqirozdagi «Barselona»ni qabul qilish orqali qanday ishga qo‘l urganini hali aniq anglab yetgani yo‘q, ammo ko‘k-anorranglilarning Myunxendagi ko‘rinishi undagi pushtirang ko‘zoynakni sindirgani tayin. Klubga yaqin bo‘lgan nashrlar xabarlariga ko‘ra, u tanaffus vaqtida ovozini baland ko‘tarib gapirgan: «Ayrimlaringiz «Barselona» uchun o‘ynash nima ekanini anglab yetmayapti». Hakamning o‘yin yakunlangani haqidagi hushtagi yangragach esa Xavi jurnalistlarga shunday dedi: «Men ranjidim va reallik meni g‘azablantirdi. Ammo bugun yangi era boshlanadi — biz barchasini noldan boshlaymiz».

Kataloniyaliklar klubi prezidenti Joan Laporta qishda tarkibni kuchaytirish uchun barcha ishni qilishini, ammo hozirda jamoa ixtiyoridagi bor futbolchilardan foydalanishga to‘g‘ri kelishini aytdi. Tarkib jarohatlar tufayli kuchsizlanishi davom etmoqda, so‘nggi o‘yinlarda Jordi Alba va Depay safdan chiqdi. Xavi Lyuk de Yong ham borligini eslashga majbur bo‘ldi, ammo Gavining ajoyib uzatmasiga niderlandiyalik futbolchi emas, kutilmaganda markaziy forvard pozitsiyasida paydo bo‘lgan Niko Gonsales ochildi. Ammo bu goldan keyingi xursandchilik uzoqqa cho‘zilmadi, «Barsa» mudofaasidagi muammolarni yo‘qotib bo‘lmasdi va bu «standart» vaziyatda tezkor javob goliga olib keldi.

O‘yinning ikkinchi bo‘limi mezbonlar hujumlari bilan boshlandi, ammo hakam pamplonalik muxlislarni xafa qildi. To‘pni uzoqlashtirish chog‘ida to‘p Busketsning qo‘liga tegdi, ammo arbitr o‘yinni davom ettirish kerakligini ko‘rsatdi va vaziyat yangi avlodning yana bir yorqin vakili — 19 yoshli Ezzalzulining kuchli zarbasi «to‘qqizlik»ka borishi bilan yakunlandi. Ammo yoshlik — barqarorlik va zaxirada kuch yetarli degani emas, o‘yin oxirida «Osasuna»da tajriba ustunlik qilib, Avila jamoaga durang taqdim etdi. «Barsa» inqirozdan chiqishiga hali vaqt bor, hozircha esa jamoa so‘nggi 17 yildagi eng yomon startini qayd etmoqda — 16 turdan keyin 24 ochko.

https://mover.uz/video/embed/lYn9ghuN

«Real» — «Atletiko» — 2:0 (Benzema, 16. Asensio, 57)

OAV Karlo Anchelotti o‘z sardorining sog‘ligi bilan tavakkalchilik qilmasligi haqida yozgan bo‘lsa-da, derbi arafasida Benzema safga qaytdi. Endilikda bu mish-mishlar ataylab tarqatilgandek ko‘rinmoqda, chunki fransuz odatdagidek jamoani o‘yinga sardorlik bog‘ichini taqqan holda boshlab tushdi va o‘z odatini davom ettirib, yil boshidan buyon 45-golini urdi.