Joriy yilning 10 dekabr kuni poytaxtimizdagi “City Palace” mehmonxonasida “Oliy ta’lim kvalifikatsiyalarini tan olish bo‘yicha konvensiyani qabul qilish va joriy etish uchun manfaatdor tomonlar hamkorligini mustahkamlash” mavzusida yuqori darajadagi ekspertlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis deputatlari, bosh vazir o‘rinbosari, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Bandlik va mehnat munosabatlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari rahbariyati, Yaponiya, Rossiya va Armaniston davlatlarining xalqaro ekspertlari hamda oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirok etishdi.

YuNESKO va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandumda Oliy ta’lim kvalifikatsiyalarini tan olish bo‘yicha Tokio konvensiyasini O‘zbekistonda joriy qilish 2018-2021 yillarda amalga oshirilishi kerakligi belgilangan edi. Inspeksiya axborot xizmatiga ko‘ra, bu borada bosqichma-bosqich olib boriladigan ishlarning barchasi bajarilgan.

“O‘zbek yoshlarining oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 3 barobarga (2016 yilda 9 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yilda 28 foiz) oshdi. Ta’lim xizmatlari bozorida xorijiy va nodavlat ta’lim xizmatlari vakillarining ishtiroki kengaydi. Oliy ta’lim muassasalari soni 2,2 marotaba (2016 yilda 64 ta – 2021 yilda 141 ta), nodavlat OTMlar soni 7,2 marotaba (2016 yilda 4 ta – 2021 yilda 29 ta) oshdi.

Xalqaro tajriba asosida xorijiy ta’limni tan olish jarayonlari soddalashtirildi. Nostrifikatsiya amaliyotidan voz kechilib, “tan olish” amaliyoti joriy etildi. Xorijiy oliy ta’lim kvalifikatsiyalarini tan olish muddati 30 kundan 10 kunga qisqartirildi. Jarayon raqamlashtirilib, davlat xizmatlari orqali amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.

Ta’lim sifati xalqaro darajada e’tirof etilgan 8000 dan ziyod xorijiy oliy ta’lim muassasalarining diplomlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olish joriy etildi”, deyiladi xabarda.