Toshkentning biqinida maktab, bog‘cha, suv havzasi va boshqa ijtimoiy obektlar uchun ajratilgan hududda kottejlar qurilmoqda. Noqonuniy ekani shundoqqina ko‘rinib turgan qurilishni hatto hukumat komissiyasi ham to‘xtata olgani yo‘q.

Zangiota tumani Farobiy mahallasi fuqarolaridan Kun.uz'ga shikoyat tushdi. Unda ushbu mahalla tashkil etilgan vaqtlarda maktab va bog‘cha qurish uchun qoldirib ketilgan yer maydoni tuman hokimi qarori bilan turar joylar (kottej) qurish uchun tadbirkorga berib yuborilgani aytiladi.

Kun.uz O‘zbekistonda maktab yetishmovchiligi eng katta muammolardan ekanidan kelib chiqib, bu murojaatni joyiga chiqib, batafsil o‘rganishga qaror qildi.

Mahalla faollaridan Alisher Sodiqov muammo atrofidagi manzarani tasvirlab berdi.

“Bu yerdagi 4 ta mahallada 17 ming kishi istiqomat qiladi. Uzoq nuqtasidan turgan joyimizgacha 2,5 km. Na maktab, na bog‘cha, na biror choyxona, na sport majmuasi bor. Hech narsa yo‘q. 1 km narida bitta maktab bor, 1970-yillarda qurilgan. Bir sinfda 40-45 bola o‘qiydi. 1600-1700 o‘quvchi tahsil oladi. 3-smenaliklari bor hatto.

Bu yer maktab uchun qoldirilgan joy edi. Nima uchun maktab qurilishi kerak bo‘lgan joyga tadbirkor uy qurmoqda. (Hokim) qaror chiqarganda prezidentning besh tashabbusi ijrosini ta’minlash maqsadida deyilgan, besh tashabbus nima ekanini bilarmikan hokimning o‘zi? Besh tashabbusda uy qursin demagan, qolaversa, xalq rozi bo‘lmagan. Ular xalq rozi deyishmoqda.

Shu kecha-kunduzda yerni nol qiymatda berishga hokimning vakolati yo‘q-ku. O‘g‘rilik qilsa, qamashadi, bu yerda shuncha yer olib qo‘yilyapti. Nega nol qiymatda beradi? Shu yerga maktab va bog‘cha quraman deb kelgan tadbirkorga bu yer sug‘oriladigan maydon, mumkin emas, deyishdi. Oradan 1 oy o‘tmasdan, tashlandiq bo‘lib qoldi o‘zidan o‘zi. Boyagi tadbirkorga mumkin bo‘lishi uchun nimadir qilishi kerakmidi?” – deydi Alisher Sodiqov.

40 yil loyihachi konstruktor-muhandis bo‘lib ishlagan Ma’mura Nosirova muammo xususida bo‘lib o‘tgan voqealarni so‘zlab berarkan, “haqiqatni aytgani uchun yomonotliq bo‘lib qolgani”ni ta’kidladi.